AQShning Uxandagi konsulligi yopilishi mumkinligi ma’lum qilindi

AQSh Davlat departamenti vakili Morgan Ortagus “Reuters” agentligiga Amerikaning intellektual mulki va amerikaliklarning shaxsiy ma’lumotlarini himoya qilish uchun Hyustondagi Xitoy Bosh konsulligini yopish haqida ma’lum qildi, deb xabar berdi “RBK”.

Uxandagi AQSh konsulligi joylashgan Jahon savdo markazi binosi
Foto: “RBK”

“Reuters” agentligi o‘z manbalariga tayanib, bunga javoban Pekin AQShning Uxandagi konsulligini yopish ishlarini ko‘rib chiqilayotganligi haqida axborot bergan.

“Bu Qo’shma Shtatlarning Xitoyga qarshi bir tomonlama siyosiy fitnasi, xalqaro qonunlarni va xalqaro munosabatlarni tartibga soluvchi asosiy qoidalarning qo‘pol ravishda buzilishi, AQSh—Xitoy konsullik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomaning tegishli qoidalarini jiddiy ravishda buzish hamda Xitoy va AQSh o‘rtasidagi munosabatlarni qasddan buzishga urinishdir”, — deya ta’kidlaydi Xitoy Tashqi ishlar vazirligi vakili Van Venbin.

Shuningdek, agar Vashington Hyustondagi konsullikni yopish haqidagi qarorni bekor qilmasa, Pekin bunga qarshi zarur choralarni ko‘rishi haqida ogohlantirgan, deya qo‘shimcha qiladi vazirlik vakili.

“The Global Times” nashrining xabar berishicha, AQSh rasmiylari Hyustondagi Xitoy bosh konsulligini 72 soat ichida yopishni talab qilgan.

Fudan universitetining Amerika tadqiqotlari markazi professori Vey Szunyu ushbu vaziyatga “Tramp ma’muriyatidagi zo‘ravonliklar ikki mamlakatni yangi urushga boshlamoqda”, deya izoh bergan.

Ta’kidlanishicha, 14-iyul kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Xitoyga qarshi sanksiyalar kiritish to‘g‘risidagi qonunni, shuningdek, ushbu mintaqani AQSh bilan savdo aloqalarida alohida maqomdan mahrum qilish haqidagi farmonni imzolaganini e’lon qilgan.

Ma’lumot uchun, Xitoy konsulliklari Hyustondan tashqari, AQShning Chikago, San-Fransisko, Los-Anjeles va Nyu-York shaharlarida faoliyat ko‘rsatmoqda. AQShning Xitoydagi konsulliklari esa Uxan, Shanxay, Guanjou, Shenyang va Chengdu shaharlarida joylashgan.

Avvalroq AQSh xitoylik hakerlarni COVID-19’ga qarshi vaksinasi haqidagi ma’lumotlarni o‘g‘irlaganlikda ayblagani haqida xabar berilgandi.

Янгиликлар