O‘zbekistondan Rossiyaga doimiy aviareyslar qachon tiklanishi ma’lum qilindi

O‘zbekistondan Rossiyaga doimiy aviareyslar 1-sentabrdan qayta tiklanadi. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi axborot xizmati Rossiyaning “AeroTur” aviakompaniyasiga tayanib, xabar berdi.

Foto: “Uzbekistan Airways”

Ta’kidlanishicha, 1-sentabrdan boshlab Toshkentdan Rossiyaning turli shaharlariga doimiy aviareyslar tiklanadi. Xususan, Toshkent va Moskva, Sankt-Peterburg, Novosibirsk, Qozon, Vladivostok shaharlari o‘rtasida aviaparvozlar qayta yo‘lga qo‘yiladi.

Ayni paytda aviakompaniya saytida 1-sentabrdan 30-sentabrgacha reyslar jadvali e’lon qilingan.

Avvalroq Rossiyada o‘qiyotgan 200 ga yaqin o‘zbekistonlik talaba vatanga qaytarilgani haqda xabar berilgandi. Talabalar Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida sanitariya qoidalariga ko‘ra tekshiruvdan o‘tkazilgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston fuqarolarini xorijdan olib kelish bo‘yicha 20-iyuldan 2-avgustga qadar charter reyslar ro‘yxati e’lon qilingan. Shu vaqt oralig‘ida 18 ta reys amalga oshirilishi belgilangan.

Янгиликлар