Qoraqalpog‘iston sobiq prokurori Hakimbay Halimov koronavirusdan vafot etdi

O‘zbekiston bosh prokurorining sobiq o‘rinbosari, Qoraqalpog‘iston sobiq prokurori Hakimbay Halimov vafot etdi. Hakimbay Halimovda bir necha kun avval koronavirus aniqlangan.

Foto: Bosh prokuratura

Ma’lum qilinishicha, 1954-yilda tug‘ilgan Hakimbay Halimov Qoraqalpog‘iston prokuraturasida bo‘lim boshlig‘i lavozimida ishlagan va general-mayor unvoniga ega bo‘lgan. Hakimbay Halimovda bir necha kun oldin koronavirus aniqlangan va 22-iyul kuni vafot etgan. Sog‘liqni saqlash vazirligi prokurorning vafoti bo‘yicha hozircha axborot bermagan.

“Bosh prokuratura rahbariyati va jamoasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi organlarida xizmat qilgan 3-darajali Davlat adliya maslahatchisi Halimov Hakimbay Ashirovichning vafoti munosabati bilan marhumning qarindosh va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi”, — deyiladi Bosh prokuratura xabarida.

Avvalroq Ichki ishlar vazirligi Sergeli IIO FMB podpolkovnigi Abdulaziz Toshev 12-iyul kuni vafot etganini, uning oʻlimiga koronavirusdan kasallangani sabab boʻlganini ma’lum qilgandi.

Keyinchalik 13- va 14-iyul kunlari Toshkent shahar IIBB mayori va IIV podpolkovnigi koronavirus infeksiyasi asoratlari oqibatida vafot etgani ma’lum bo‘lgan, keyinroq ushbu o‘lim holatlari Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan edi.

Янгиликлар