Rossiyada o‘tgan bir sutka ichida 5862, Qozog‘istonda esa 1685 kishida koronavirus aniqlandi

Tahririyat Markaziy Osiyo va Rossiyada koronavirus bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha ma’lumotlarni taqdim etadi.

Foto: “Nur.kz”

Qozog‘iston

Qozog‘istonda 22-iyul mahalliy vaqt bilan soat 11:30 holatiga ko‘ra, koronavirus bilan kasallanganlar soni 75 153 nafarni tashkil qilmoqda. Qozog‘iston bu ko‘rsatkich bo‘yicha Markaziy Osiyoda peshqadam bo‘lib turibdi. Bemorlarning 46 790 nafari to‘liq sog‘aygan, 585 nafari vafot etgan. Shuningdek, o‘tgan bir sutka davomida 1685 ta yangi holat qayd etilgan.

Avvalroq Qozog‘iston prezidentining maslahatchisi O‘ljas Xudaybergenev mamlakatda 2 million nafarga yaqin odam koronavirus bilan kasallanib, tuzalib bo‘lganini taxmin qilgani xabar qilingandi. Shuningdek, u mamlakatda koronavirusdan kamida 1895, ko‘pi bilan esa 3791 kishi vafot etganini taxmin qilgan.

Foto: “Kloop.kg”

Qirg‘iziston

Qirg‘izistonda 22-iyul mahalliy vaqt bilan soat 11:30 holatiga ko‘ra, 29 359 kishida koronavirus infeksiyasi qayd etilgan. Bemorlarning 15 760 nafari sog‘ayib, 1123 kishi hayotdan ko‘z yumgan. Hozirda mamlakatda 12 476 kishi koronavirusdan davolanmoqda. Ma’lumotlarga qaraganda, Qirg‘izistonda so‘nggi 24 soat ichida koronavirus bilan kasallanganlar soni 80 kishiga ko‘paygan, 32 nafar bemor vafot etgan.

Avvalroq bishkeklik professor, vrach-urolog Jonibek Mambetov pnevmoniyadan vafot etgani haqda xabar berilgandi.

Foto: “Asia-plus”

Tojikiston

Tojikistonda 22-iyul mahalliy vaqt bilan soat 11:30 holatiga ko‘ra, koronavirus bilan kasallanganlar soni 6967 nafarni tashkil qilmoqda. Bemorlarning 5683 nafari koronavirusdan to‘liq sog‘aygan bo‘lsa, 57 nafari vafot etgan.

Avvalroq Tojikiston Yevropadagi fuqarolarini olib kelish uchun Frankfurt—Dushanbe yo‘nalishida charter reys tashkil qilishni rejalashtirayotgani ma’lum qilingandi.

Foto: “Xronika Turkmenistana”

Turkmaniston

Turkmaniston Markaziy Osiyoda koronavirus rasman qayd etilmagan yagona davlat bo‘lib turibdi. Avvalroq Turkmanistonga tashrif buyurgan Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining missiyasi mamlakat hukumatiga hududda koronavirus infeksiyasi aniqlangandek ish tutishni tavsiya qilgani haqda xabar berilgandi.

“Xronika Turkmenistana” nashriga ko‘ra, Ashxobodda pnevmoniyadan kuniga kamida 8-12 kishi vafot etmoqda.

Foto: “RIA Novosti”

Rossiya

Rossiyada 22-iyul soat mahalliy vaqt bilan soat 11:30 holatiga ko‘ra, koronavirus bilan kasallanganlar soni 789 190 nafarni tashkil qilmoqda. Rossiya bu ko‘rsatkich bo‘yicha dunyoda AQSh, Braziliya va Hindistondan so‘ng to‘rtinchi o‘rinda bormoqda. Bemorlarning 572 053 nafari sog‘aygan, 12 745 nafari vafot etgan. Shuningdek, o‘tgan bir sutka davomida 5862 ta yangi holat aniqlangan.

Avvalroq Rossiya mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari Ruslan Salikov mamlakatning COVID-19’ga qarshi birinchi vaksinasi tayyor ekanini ma’lum qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mutaxassislar va Milliy tadqiqot markazining olimlari tajriba sinovlari yakuniy xulosasini ma’lum qilgan. Koronavirusga qarshi immunitet olgan ko‘ngillilar kasalxonadan chiqayotganida o‘zini yaxshi his qilgan.

Янгиликлар