Toshkent shahrida so‘nggi uch kunda mahalliy budjet hisobidan 77 mlrd so‘m pandemiyaga qarshi kurashish maqsadida sarflangan

Toshkent shahrida pandemiyaga qarshi chora-tadbirlar uchun so‘nggi uch kunda mahalliy budjet hisobidam qariyb 77 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Bu haqda 21-iyul kuni Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Hotambek Shokirov ma’lumot berdi.

Foto: Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati

Ta’kidlanishicha, ajratilgan pullardan 30 milliard so‘m — dori-darmon uchun, 10 milliard so‘m — shifokorlarni rag‘batlantirish yo‘nalishida, 5 milliard so‘m — tibbiy anjom sarf-xarajatlari uchun sarflangan.

Shuningdek, Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazi uchun 25 ta “Damas” avtomashinalari 17 milliard so‘mga, 103 xizmati uchun 28 ta “Isuzu” va 2 ta “Volkswagen” avtomobillari 17 milliard so‘mga xarid qilingan.

Bundan tashqari, 21-iyuldan tibbiyot xodimlarini rag‘batlantirish maqsadida koronavirusga chalingan bemorlarni davolash shifoxonalariga kirishdan avval ularga belgilangan miqdorning 40 foizini avans shaklida berish joriy qilingan.

“Ushbu mablag‘larni o‘z vaqtida va to‘liq to‘lash ishlari moliya-iqtisod organlari tomonidan qattiq nazoratga olindi. Har bir shifoxonaga xodimlarimizni biriktirganmiz. Mablag‘larning o‘z vaqtida tibbiyot xodimlariga yetib borishini qattiq nazoratga olib, ushbu ishlarni tashkillashtirib boramiz”, — deya ta’kidlaydi Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Hotambek Shokirov.

Avvalroq Toshkent shahri va Toshkent viloyati hokimliklari “Dori-darmon” aksionerlik kompaniyasiga tegishli 20 milliard va 10 milliard aylanma mablag‘ ajratishi haqida xabar berilgandi. Shuningdek, pulini ololmay qolgan tibbiyot xodimlariga to‘lovlar to‘lab berilishi ma’lum qilingandi.

Янгиликлар