Turkmaniston prezidentining pochchasi koronavirusdan vafot etgani xabar qilindi

Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning opasi Durdinabat Rejepovaning turmush o‘rtog‘i Annanazar Rejepov koronavirusdan vafot etgani xabar qilindi.

Foto: “Turkmen.news”

Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha ekspert Arkadiy Dubnovning so‘zlariga ko‘ra, Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning opasining turmush o‘rtog‘i Annanazar Rejepov koronavirusdan vafot etgan.

“Prezident Berdimuhamedovning opasining eri Nazar Rejepov koronavirusdan vafot etdi. Eslatib o‘tamiz, Turkmaniston Yevroosiyo qit’asidagi yagona davlat bo‘lib, uning rahbariyati hali ham o‘z mamlakatida koronavirus mavjudligini tan olishdan bosh tortmoqda. Turkman manbalari prezidentning opasi ham o‘pkani sun’iy ventilyatsiyalash apparatiga ulanganligini ta’kidlamoqda”, — deb yozdi Dubnov o‘zining Facebook sahifasida.

Annanazar Rejepov prezident Gurbanguli Berdimuhamedovning katta opasi Durdinabat Rejepovaning turmush o‘rtog‘i hisoblanadi.

“U o‘g’li Xojimurod bilan birgalikda butun mamlakat bo‘ylab eng yaxshi ma’muriy, chakana savdo va ishlab chiqarish obyektlariga ega bo‘lgan bir qator kompaniyalarni nazorat qilgan”, — deb yozadi Dubnov.

Ma’lumot uchun, Turkmanistonda epidemiologik vaziyat tufayli 21-iyuldan 1-avgustgacha barcha bozorlar va yirik savdo markazlari yopildi. Turkmaniston rasmiylari esa mamlakatda koronavirus bilan kasallangan bemorlar mavjud emasligini ta’kidlamoqda.

Янгиликлар