“Koronavirus bemorlarining ko‘pchiligida ikki tomonlama pnevmoniya aniqlanmoqda” — Samarqand SSB rahbari

Samarqand viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Davronbek Jumaniyozov 22-iyul kuni bo‘lib o‘tgan brifingda viloyatdagi koronavirus bilan bog‘liq vaziyat haqida ma’lumot berdi.

Qayd etillishicha, hozirgi paytda koronavirus infeksiyasi mart—aprel oylaridagiga qaraganda boshqacha kechmoqda. Kasallangan bemorlarning ko‘pchiligida ikki tomonlama pnevmoniya aniqlangan. Pnevmoniya aniqlangan ba’zi bemorlarda koronavirusning o‘zi mavjud emas.

Xususan, Samarqand davlat tibbiyot instituti klinikasiga yotqizilgan 100 nafardan ortiq bemorning 76 nafarida koronavirus aniqlanmagan, biroq ularning ko‘pchiligida pnevmoniya alomatlari mavjud bo‘lgan.

Ta’kidlanishicha, mart—aprel oylarida davolangan bemorlarning 70—75 foizida kasallik alomatlari kuzatilmagan bo‘lsa, ayni paytda bemorlarning qariyb 50 foizida alomatlar mavjud. Koronavirus aniqlanmagan bemorlarda ham og‘ir pnevmoniya asoratlari kuzatilmoqda.

Avvalroq Samarqand viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Davronbek Jumaniyozov viloyatda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat kundan kunga og‘irlashib borayotganini ma’lum qilgandi.

Samarqandda 22-iyul 23:30 holatiga ko‘ra, 746 kishi koronavirus bilan kasallangan, 3 kishi vafot etgan. Shu paytga qadar 641 nafar bemor davolangan bo‘lib, sog‘ayish ko‘rsatkichi 86 foizga yetgan.