Samarqand SSB boshlig‘i koronavirus aholi orasida aniqlanayotganini ma’lum qildi

Samarqand viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Davronbek Jumaniyozov viloyatda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat kundan kunga og‘irlashib borayotganini ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, mart oyida kasallik og‘ir bo‘lmasa ham, odamlar karantin qoidalariga yaxshiroq amal qilgan. Ayni paytda esa odamlar vaziyatning og‘irligiga, kasallik og‘ir kechayotganiga va o‘limlar soni ortib borayotganiga qaramasdan, karantin qoidalariga amal qilmay qo‘ygan.

“Avval bir kunda aniqlangan kasallarning 30-40 foizi aholi orasidan, qolganlari karantin muassasalaridan chiqqan bo‘lsa, bugun 100 foiz aholi orasidan chiqyapti. Aholi orasida mana shu kasallik yuribdi”, — deydi Davronbek Jumaniyozov.

Uning ma’lum qilishicha, kasallik, asosan, Samarqand shahrida aniqlanmoqda. Shu paytgacha aniqlangan kasallarning 260 nafari Samarqand shahriga to‘g‘ri keladi. Undan keyingi o‘rinlarda Toyloq, Oqdaryo, Urgut, Payariq va Pastdarg‘om tumani turibdi.

Samarqandda 22-iyul 23:30 holatiga ko‘ra, 746 kishi koronavirus bilan kasallangan, 3 kishi vafot etgan. Shu paytga qadar 641 nafar bemor davolangan bo‘lib, sog‘ayish ko‘rsatkichi 86 foizga yetgan.

Avvalroq Nurobod tumani hokimi Faxriddin Zairov koronavirusga chalinib, sog‘ayganini ma’lum qilgandi. U hozirda o‘zini yaxshi his qilayotganini aytib o‘tgan.

Eslatib o‘tamiz, 22-iyul kuni Payariq tumanida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi xodimlari va binosi karantinga olingan. Xabarga ko‘ra, tuman SEO markazi xodimlari COVID-19 kasalligi bilan og‘rigan bemorlar bilan birlamchi muloqotda bo‘lgan.

Янгиликлар