O‘zbekistonda 2020-yilning birinchi yarmida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda yetakchi viloyatlar aniqlandi

O‘zbekistonda 2020-yilning yanvar—iyun oylarida qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaliklari mahsulot (xizmat)larining umumiy hajmi 97,2 trillion so‘mni tashkil etdi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi axborot xizmati xabar berdi.

Foto: “Unsplash.com”

Qayd etilishicha, 2020-yilning birinchi yarmida qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaliklari bo‘yicha mahsulotlar yetishtirishda quyidagi hududlar yetakchilik qilgan:

  • Qashqadaryoda eng ko‘p donli ekinlar yetishtirilgan (619,2 ming tonna mahsulot);
  • Andijonda eng ko‘p sabzavot yetishtirilgan (544,3 ming tonna);
  • Samarqandda eng ko‘p kartoshka yetishtirilgan (285,4 ming tonna);
  • Surxondaryoda eng ko‘p poliz ekinlari yetishtirilgan (54,9 ming tonna);
  • Andijonda eng ko‘p meva va rezavorlar yetishtirilgan (233,4 ming tonna);
  • Surxondaryoda eng ko‘p uzum yetishtirilgan (12,6 tonna);
  • Toshkent viloyatida eng ko‘p go‘sht (tirik vaznda) yetishtirilgan (141,7 ming tonna).

Shuningdek, ushbu davr mobaynida Samarqandda 615,7 ming tonna sut, Toshkent viloyatida 635,5 million dona tuxum olingan. Xorazmda 5607 tonna baliq ovlangan. Qashqadaryoda 1562,8 ming bosh yirik shoxli qoramol, Qashqadaryoda 4589 ming bosh qo‘y va echkilar hamda Toshkent viloyatida 50253 bosh otlar mavjud.

Avvalroq Namanganda yoshlar bandligini ta’minlash uchun 30 sotixdan o‘rmon xo‘jaligi yerlari ajratilgani haqda xabar berilgandi. Ta’kidlanishicha, Namangan viloyati hokimligi, Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi, viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, viloyat O‘rmon xo‘jaligi boshqarmasi va Yangiqo‘rg‘on tuman hokimligi bilan hamkorlikda 80 nafar yoshga yer berilgan.