O‘zbekistonda “Gidroksixloroxin” o‘lim xavfini oshirishi mumkinligi sababli davolash protokolidan chiqarildi

“Milliy” telekanali “Tez yordam” ko‘rsatuvida Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi vakili Klara Yodgorova “Gidroksixloroxin” dorisining zarari haqida gapirdi.

“Pandemiya avvalida koronavirusni davolash uchun aniq dori vositasi yo‘q edi. Shunda ‘Xloroxin’, ‘Gidroksixloroxin’, ‘Azitromisin’ kabilarni qo‘llash boshlandi. O‘rganishlar natijasida olimlar bu dorilarning nafaqat samara bermasligi, balki bemorlarda o‘lim xavfini oshirishi mumkinligini aniqlashdi.

O‘zbekistonda 13-iyul kuni Sog‘liqni saqlash vaziri buyrug‘i bilan tasdiqlanib, chop etilgan qo‘llanmada ‘Gidroksixloroxin’ olib tashlangan”, — deydi Klara Yodgorova.

Shuningdek, ko‘rsatuvda ‘Gidroksixloroxin’ oxirgi davolash qo‘llanmasidan chiqarib tashlangan bo‘lsa-da, uyda davolanayotgan bemorlarga tarqatilishi kutilayotgan dorilar to‘plamiga kiritilganicha qolayotgani aytildi.

Klara Yodgorovaga ko‘ra, O‘zbekistondagi barcha tibbiyot muassasalari — SSV tizimidagi shifoxonalar ham, xususiy shifoxonalar ham oxirgi tasdiqlangan davolash qo‘llanmasiga rioya qilgan holda ish ko‘rishi shart.

“O‘ylaymanki, respublika maxsus komissiyasi yangi qo‘llanmaga asoslangan holda bepul tarqatiladigan dorilar to‘plamini qayta ko‘rib chiqib, bu dorini tarqatishni to‘xtatadi“, — deydi mutaxassis.

Avvalroq koronavirusga qarshi qo‘llanilayotgan “Plakvenil” dorisi yurakning to‘xtashigacha olib kelishi ma’lum qilingan edi. Shuningdek, O‘zbekistonda kuchli ta’sir etuvchi dorilarni retseptsiz sotganlik uchun javobgarlik belgilangani ma’lum bo‘ldi.

Янгиликлар