Qashqadaryoda hokimlik vakillari va Sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas’ullari karantinga olingani aytilgan xabarlarga munosabat bildirildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryoda viloyat, tuman va shahar hokimliklari hamda viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas’ullari karantinga olingani haqida xabarlar tarqaldi. Viloyat hokimligi axborot xizmati ushbu xabar yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Hokimlik axborot xizmatining ma’lumotlariga ko‘ra, xodimlar salomatligini saqlash maqsadida karantin hududlariga borgan mas’ullardan doimiy test olinib kelinadi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarda keltirilgan mas’ullar ham karantin hududidan qaytgach, xususiy klinikaga borib test topshirgan, xolos.

Shuningdek, viloyat hokimi Zoir Mirzayev 24-iyul kuni ushbu vaziyat hamda vohada koronavirus bilan bog‘liq masalalarga doir axborotlarni jurnalist va blogerlar orqali aholiga yetkazish maqsadida brifing o‘tkazishi ta’kidlangan.

Avvalroq Qashqadaryo viloyati hokimi G‘uzordagi 127 kishida koronavirus aniqlangan zavodga borgani hamda viloyatdagi koronavirus bilan bog‘liq vaziyatni o‘rgangani haqida xabar berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, Nurobod tumani hokimi koronavirusga chalinib, sog‘aygani ma’lum bo‘lgandi.

Янгиликлар