Samarqanddagi “Registon” mehmonxonada koronavirusga gumon qilinganlarni saqlash va taqsimlash markazi tashkil etildi

Samarqand shahrida joylashgan “Registon” mehmonxonasida koronavirusga gumon qilingan fuqarolarni saqlash va kasallik aniqlangan bemorlarni taqsimlash markazi tashkil qilindi. Bu haqda Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Davronbek Jumaniyozov ma’lum qildi.

Foto: “Booking.com”

Shu vaqtga qadar koronavirus alomatlari kuzatilayotgan va kasallikni aniqlash uchun test topshirgan, biroq test javobi chiqmagan fuqarolar o‘z uyida saqlanayotgan edi. Samarqand viloyati hokimligi mazkur fuqarolarni saqlash uchun “Registon” mehmonxonasini ajratib bergan.

Ta’kidlanishcha, koronavirusga gumon qilingan kishilar mehmonxonada tashkil qilingan taqsimlash markaziga joylashtiriladi. Ulardan test olinadi, o‘pkasi rentgen qilinadi. Kasallik aniqlangan fuqarolar ulardagi kasallikning darajasiga qarab tegishli kasalxona va bo‘limlarga jo‘natiladi.

Shuningdek, viloyat hokimligi tomonidan dori vositalari zaxirasini shakllantirish uchun 5 milliard so‘m ajratilgan.

Avvalroq Toshkentda 10 ta xususiy klinika koronavirus bilan kasallanganlarni qabul qilishi, unda bemorlar uchun 2300 dan ziyod o‘rin-joylar tashkil etilgani ma’lum qilingandi.

Eslatib o‘tamiz, Samarqand viloyati SSB boshlig‘i hozirda aniqlanayotgan koronavirus bemorlarining barchasi aholi orasidan chiqayotganini ma’lum qilgandi.

Янгиликлар