Zominda koronavirusga chalingan tez yordam xodimi kasalxonaga qabul qilinmagani yuzasidan ma’lumot berildi (video)

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “Zomin tumani tez yordam xizmatida ishlovchi koronavirusga chalingan tibbiyot xodimini kasalxonaga qabul qilishmabdi” nomli video bo‘yicha “Tez News”ga ma’lumot berildi.

“Zomin tumani tibbiyot birlashmasining yuqumli kasalliklar bo‘limiga 22-iyul kuni tez yordam mashinasida koronavirusda gumon qilinib olib kelingan bemorni joylashtirish masalasida biroz ushlanish bo‘lgan. Qorovul tomonidan xabar berilganida vrachlar kiyinib, sanitariya qoidalariga rioya qilib chiqqunicha biroz vaqt o‘tgan. Shu bo‘yicha bemorda norozilik paydo bo‘lgan. Videotasvirga olib, ijtimoiy tarmoqlarga chiqargan. Hozir reonimator vrach bemorga qaramoqda. Biriktirilgan infeksionist vrachlar joyida, dori-darmonlar yetali. Bemorning ahvoli kelganiga nisbatan ancha yaxshilanmoqda”, — deydi Zomin tumani tibbiyot birlashmasi markaziy poliklinika bo‘lim boshlig‘i Shavkat Qurbonov.

Shuningdek, Qurbonov 40 o‘rinli yuqumli kasalliklar bo‘limi COVID-19’da gumon qilinganlar uchun ajratilganini, 2 ta infeksionist 1 ta reanimator borligini va kerakli barcha jihozlar, dori-darmonlar yetarli ekanini aytdi.

“Tana harorati ko‘tarilgan bemor uyida ba’zi muolajalarni qabul qilgan. Zomin tumaniga tez yordam mashinasida keldi. Kelganida uning ahvoli o‘ta og‘ir edi. Hozir uning ahvoli kelganiga nisbatan 5 foizga yaxshi. Vrachlar bir bemorning oldidan ikkinchi bemorning oldiga formasini almashtirib kirguncha ko‘p vaqt sarflanadi. Bemor kelganida shunchaki chiqa olmaydi”, — deydi vrach infeksionist Nurali Sayidmurodov.

Avvalroq Zangiotada qurilgan 1000 o‘rinli shifoxona koronavirus bilan kasallanganlarni qabul qila boshlaganidan bir hafta o‘tgach, bemorlar bilan to‘lgani, O‘zbekistonda endi nodavlat tibbiyot tashkilotlari ham COVID-19 infeksiyasini davolashi, Toshkentda 10 ta xususiy klinika koronavirus bilan kasallanganlarni qabul qilishini ma’lum qilgani, bemorlar uchun 2 300 dan ziyod o‘rin-joylar tashkil etilgani haqida xabar berilgan edi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 23-iyul soat 17.00 holatiga ko‘ra,  172 nafarga oshib, jami kasallanganlar 18 703 nafarni tashkil etmoqda.

 

Янгиликлар