Shavkat Mirziyoyev Turkiya prezidentiga koronavirusga qarshi kurashda ko‘rsatilayotgan yordam uchun minnatdorchilik bildirdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Respublikasi prezidenti Rajab Toyyip Erdo‘g‘an 24-iyul kuni telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Muloqot paytida Turkiya yetakchisi O‘zbekiston rahbarini tug‘ilgan kuni bilan muborakbod etgan.

Ta’kidlanishicha, suhbatda ikki tomonlama munosabatlar va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashilgan. Davlat rahbarlari 2020-yil fevral oyida Anqara shahrida o‘tgan oliy darajadagi uchrashuvda erishilgan kelishuvlarni keng ko‘lamli amalga oshirish muhimligini qayd etgan.

Savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlik bo‘yicha qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishni jadallashtirish maqsadida o‘tkaziladigan hukumatlararo muloqotlarga muhim e’tibor qaratilgan. Shavkat Mirziyoyev Turkiya yetakchisiga pandemiyaga qarshi kurashda ko‘rsatilayotgan ko‘mak uchun minnatdorlik bildirgan.

Avvalroq Turkmaniston, Qirg‘iziston va Tojikiston prezidentlari Shavkat Mirziyoyevni tug‘ilgan kuni bilan tabriklagani haqida xabar berilgandi. Shuningdek, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev hamda Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham O‘zbekiston rahbarini tavallud ayyomi bilan qutlagan.

Eslatib o‘tamiz, 24-iyul kuni O‘zbekistonga COVID-19’ga qarshi kurashda yordam berish uchun turkiyalik mutaxassislar yetib kelgan.

Янгиликлар