Turkmaniston, Qirg‘iziston va Tojikiston prezidentlari Shavkat Mirziyoyevni tug‘ilgan kuni bilan tabrikladi

Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov, Qirg‘iziston prezidenti So‘ronboy Jeenbekov va Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon bilan 24-iyul kuni telefon orqali muloqot qildi, deb xabar berdi Prezident matbuot xizmati.

Davlat rahbarlari O‘zbekiston Prezidentini tavallud kuni bilan tabriklab, mustahkam sog‘liq, muvaffaqiyat va o‘zbek xalqiga farovonlik tilagan.

Suhbat chog‘ida qo‘shni davlat rahbarlari bilan o‘zaro manfaatli amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida to‘xtalingan.

Shuningdek, mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarining joriy holati va ularni kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqildi, deyiladi xabarda.

Avvalroq Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Shavkat Mirziyoyevni tug‘ilgan kuni bilan tabriklagani haqida xabar berilgandi.