Xitoydan 1000 ta kislorod konsentratori olib kelib, o‘z narxida sotmoqchi bo‘lgan o‘zbekistonlik bir guruh tadbirkorlar hukumatdan yordam kutmoqda

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonga 1000 dona kislorod konsentratorlarini olib kelishga tayyor bo‘lgan bir guruh tadbirkorlar va ko‘ngillilarning murojaati tarqaldi. Ular konsentratorlarni o‘z narxida sotishmoqchi.

Murojaatda aytilishicha, ularga uskunalarni olib kelish uchun bepul aviareys ajratilishi aytilgan, lekin reys ajratilmagan.

“Shu sababli biz 2 hafta vaqtni boy berdik. Fond ajratildi, deb eshitdik, qanaqa fond u, qayerda ular? Komissiya ham bor ekan, u nima bilan shug‘ullanyapti?

Biz shu yo‘qotilgan vaqt mobaynida naqd tovari bo‘lgan qanchadan qancha zavodlar tovarlarini boy berdik, chunki yuborishimiz qimmatga tushib ketyapti. Biz bepul samolyot qo‘yilishiga ishongandik! Temiryo‘l orqali olib kelinsa, bir oy vaqt yo‘qotamiz. Kargo uchun ham yo‘llar yopiq, chegaralarda tirbandlik.

Xalq uchun tez va arzon variantlarni qidiryapmiz. Bunaqa qiyin vaziyatda naqd kislorod konsentrator va pulsoksimetrni topishning o‘zi katta bir muammo. Xitoy zavodlari bizni kutmaydi, yo‘lning bepul variantini qilib berishsa, QQSni olib tashlashsa, biz kamida 1000 ta konsentrator va pulsoksimetr olib kelishga tayyormiz”,  deyiladi murojaatda.

Murojaatda aytilishicha, tadbirkorlar konsentrator va pulsoksimetrlarni o‘z narxida sotishmoqchi.

“Afsuski, bepul tarqatishga imkonimiz yo‘q, lekin o‘z narxida sotamiz, barcha invoys va hujjatlarni taqdim etamiz. Zero, bu uskunalarning asl narxi ham arzon emas, hozircha biz naqd tovari bor zavoddan 280 dollarlik uskuna topdik. Agar unga hozirgidek samolyotda olib kelish uchun 100 dollar, 15 foiz QQS to‘lasak, narx 400 dollardan oshib ketyapti. Oddiy xalqqa bu arzonmi? Tezroq amalda yordamlar berilmasa, naqd tovari bor zavodlarni ham topish mushkullashib ketyapti, tez orada tovarni ham topib bo‘lmay qoladi. Shunday qiyin vaziyatlarda davlat ham yordam berishini kutyapmiz“, deya murojaat yakunlangan.

Avvalroq Buxoroda koronavirusga chalinganlarni davolash maqsadida 600 million so‘mlik kislorod konsentratorlari xarid qilingan edi.

Янгиликлар