Bosh prokuratura: “10 ta jinoyat ishi koronavirusga qarshi kurashish ishlari uchun ajratilgan mablag‘larning sarflanishi bo‘yicha qo‘zg‘atilgan”

AOKA huzuridagi shtabda 25-iyul kuni Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsuddinov ishtirokida brifing o‘tkazildi. Unda koronavirusga qarshi kurashish ishlarida sodir etilayotgan jinoyatlar yuzasidan ma’lumot berildi.

Bosh prokuratura matbuot kotibining ta’kidlashicha, hozirgi kunga qadar koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurash, davolash, dori-darmon va tibbiy jihoz hamda boshqalar uchun ajratilgan mablag‘larni sarflanishiga doir 10 jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Bundan tashqari, oziq-ovqat mahsulotlarini tayyorlash va yetkazib berish jarayonidagi suiiste’molchiliklar yuzasidan 87 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani aytilgan.

Avvalroq Toshkent viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi tibbiyot xodimlar o‘rtasida kislorod oksigenatorlari ustidagi tortishuv yuzasidan bayonot bergani hamda Buxoro viloyatiga olib kelingan kislorod konsentratorlarining narxi nega boshqalaridan qimmat ekanligiga izoh berilgani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Turkiya prezidentiga koronavirusga qarshi kurashda ko‘rsatilayotgan yordam uchun minnatdorchilik bildirgani, germaniyalik professor O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish bo‘yicha konsultatsiya bergani, O‘zbekistonga Xitoydan 1300 ta kislorod konsentratori va 20 ta PZR sinov apparati keltirilgani ma’lum qilingandi.

Янгиликлар