Namanganda 62 yoshli erkak koronavirusdan vafot etdi. O‘zbekistonda infeksiya qurbonlari soni 106 nafarga yetdi

Koronavirusga chalingan namanganlik 62 yoshli bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi.

Ma’lum qilinishicha, Namangan viloyati Namangan shahrida yashagan 62 yoshli J.Sh. (ayol)da COVID-19 tasdiqlangach, u viloyat yuqumli kasalliklari shifoxonasiga yotqizilgan. Unga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir nafas va yurak yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan.

Shuningdek, bemor qandli diabet (II tip, insulinga muhtoj shakli), bronxial astma kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan. 20-iyul kuni bemorning ahvoli og‘irlashib, unga o‘pka-yurak reanimatsiyasi o‘tkazilgan hamda sun’iy nafas berish apparatiga ulangan.

Bemorga mutaxassislar tomonidan onlayn konsultatsiya va konsiliumlar o‘tkazilgan, davolash jarayoni belgilangan standartlar asosida olib borilgan. Biroq asosiy kasallik asoratlari hisobiga bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, mutaxassislar tomonidan standart asosida o‘tkazilgan reanimatsion choralar samara bermay, u o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

Shunday qilib, ushbu holat bilan 24-iyul 23;30 holatiga ko‘ra, koronavirusdan vafot etganlar soni 106 nafarni tashkil etmoqda.

Avvalroq Qashqadaryoda 35 yoshli ayol koronavirusdan vafot etgani xabar qilingandi.

Shuningdek, Qoraqalpog‘istonda 36 yoshli tuman hokimi koronavirusdan vafot etgan edi. Shuningdek, Oliy sudning 32 yoshli xodimi kasalxonaga joylashtirilgan kunining ertasigayoq vafot etgan. U koronavirusga chalingan bo‘lishi mumkinligi aytilgan.