O‘zbekistonda tuman (shahar) ma’muriy sudlari tugatiladi. Yangi tashkil etilayotgan umumyurisdiksiya sudlarida 47 tagacha sudya faoliyat yuritadi

Prezident tomonidan “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmon imzolandi. Unga muvofiq, tuman (shahar) ma’muriy sudlari tugatilib, ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolati jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarga o‘tkaziladi, deb xabar berdi “Kun.uz”.

Farmonga muvofiq, sud tizimini takomillashtirish, ilg‘or xorijiy tajriba va xalqaro standartlarni inobatga olgan holda respublikada samarali ma’muriy odil sudlov tizimini yaratish ko‘zda tutilgan. Jumladan, 2021-yil 1-yanvardan boshlab ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolati jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarga o‘tkaziladi. Tuman (shahar) ma’muriy sudlari tugatilib, ularning negizida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida tumanlararo ma’muriy sudlar tashkil etiladi.

Ta’kidlanishicha, 199 ta tuman (shahar) ma’muriy sudlari maqbullashtirilib, viloyat markazlarida 14 ta tumanlararo ma’muriy sudlar tashkil etiladi.

Bundan tashqari, viloyat darajasidagi fuqarolik, jinoyat va iqtisodiy sudlari birlashtirilib, ularning negizida sudyalarning qat’iy ixtisoslashuvini saqlab qolgan holda yagona umumyurisdiksiya sudlari ochiladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi kunda har bir viloyat sudida 4 tadan 15 tagacha sudyalar faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, yangi tashkil etilayotgan umumyurisdiksiya sudlarida 19 tadan 47 tagacha sudya ishlaydi. Viloyat sudlarida sudyalar sonining kamligi ishlarning bir viloyatdan ikkinchisiga 20 mingdan ortiq ishlarning olib berilishiga, natijada fuqarolarning sarsongarchiligiga sabab bo‘lgan.

Avvalroq Oliy sud Farg‘ona tumanlararo sudining hukmidan norozi bo‘lgan fuqaroga izoh bergani haqida xabar berilgandi.

Янгиликлар