Qashqadaryoda 35 yoshli ayol koronavirusdan vafot etdi

Koronavirusga chalingan qashqadaryolik 35 yoshli bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi.

Ma’lum qilinishicha, Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida yashagan 35 yoshli U.Y. (ayol)da 14-iyul kuni isitma, hansirash va havo yetishmasligi kabi shikoyatlari dinamikada kuchayganligi sababli Qarshi shahar tug‘ruq kompleksining ginekologiya bo‘limiga og‘ir ahvolda olib kelingan. Bemor infeksionist ko‘rigidan so‘ng COVID-19’ga shubha qilinib, viloyat pulmonologiya va ftiziatriya markazi reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.

Unga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir nafas yetishmovchiligi asorati bilan kechgan.

Bemorga mutaxassislar tomonidan onlayn konsultatsiya va konsiliumlar o‘tkazilgan, davolash jarayoni belgilangan standartlar asosida olib borilgan. Ammo bemorning ahvoli keskin yomonlasha boshlagan va intubatsiya qilingan, o‘pka-yurak reanimatsiyasi o‘tkazilgan.

Mutaxassislar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan, bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

Eslatib o‘tamiz, shu bilan O‘zbekistonda koronavirusdan vafot etganlar soni 105 nafarga yetdi. Avvalroq Qoraqalpog‘istonda 36 yoshli tuman hokimi koronavirusdan vafot etgan edi. Shuningdek, kecha, 23-iyul kuni ham Qashqadaryoda 64 yoshli erkak koronavirusdan vafot etgani xabar qilindi.

O‘zbekistonda 24-iyul soat 23:30 holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 181 taga oshib, 19 360 nafarni tashkil etgan. Ayni paytga qadar 10 472 kishi sog‘aygan, 8782 nafar bemorga shifokorlar tomonidan belgilangan standartlar bo‘yicha davo choralari ko‘rilmoqda.

Янгиликлар