Sanitariya-epidemiologiya xizmatining budjetdan tashqari maxsus jamg‘armasi tashkil etiladi

O‘zbekistonda yangi tashkil etiladigan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining budjetdan tashqari maxsus jamg‘armasi tashkil etiladi. Bu haqda Prezidentning “Koronavirus pandemiyasini yumshatish, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va salomatligini saqlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi yangi farmonida qayd etilgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi va ularning hududiy bo‘linmalarining budjetdan tashqari hisob raqamlaridagi barcha qoldiq mablag‘lari jamg‘armaga to‘liq o‘tkaziladi.

Quyidagilar jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish manbalari hisoblanadi:

  • sanitariya-epidemiologiya qonunchiligini buzganlik uchun qo‘llanilgan jarimalar va jarimalarni to‘lash kechiktirilganligi uchun hisoblangan penyalardan tushgan mablag‘larning 50 foizi (nazorat tadbirlari boshqa davlat organlari bilan birgalikda amalga oshirilganda, jarima hamda jarimalarni to‘lash kechiktirilganligi uchun hisoblangan penyalardan tushgan mablag‘larning 25 foizi);
  • idoraviy mansub tashkilotlar tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga ixtisoslashgan pullik xizmatlar ko‘rsatishdan tushgan tushumlarning 3 foizi;
  • jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh mablag‘larini tijorat banklarining depozitlariga joylashtirishdan olingan daromadlar;
  • qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Shuningdek, jamg‘arma mablag‘laridan quyidagi maqsadlarda foydalaniladi:

  • Sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlarini moddiy rag‘batlantirish va ijtimoiy ta’minlash, shu jumladan, uy-joyni ijaraga olish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash, shuningdek xodimlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etishda;
  • Sanitariya-epidemiologiya xizmatining farmoyish berish va boshqarish funksiyalarini amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplashda;
  • Sanitariya-epidemiologiya xizmati tizimiga kiruvchi tashkilotlarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlashda;
  • Sanitariya-epidemiologiya xizmati oldiga qo‘yilgan vazifalarni amalga oshirish doirasida xorijiy va mahalliy mutaxassislarni shartnoma asosida jalb etishda.

Avvalroq Sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlariga davlat budjetidan har oylik ustama belgilanishi haqda  xabar berilgandi. Ta’kidlanishicha, xizmatning ilmiy darajasi bor xodimlariga oylik 30 va 60 foizlik ustamalar belgilanadi.

Янгиликлар