“Surxondaryo va vodiy viloyatlaridagi epidemik vaziyat alohida xavotir uyg‘otmoqda” — Behzod Musayev

Bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev “O‘zbekiston 24” telekanali jurnalistiga bergan intervyusida epidemiologik jihatdan hukumatda yuqori xavotir uyg‘otayotgan hududlarni sanab o‘tdi.

Ma’lum qilinishicha, Surxondaryo va vodiy viloyatlaridagi epidemiologik vaziyat qoniqarli emas.

“Bizda hadik uyg‘otayotgan hududlardan biri — Surxondaryo viloyati. Chet davlatlardan kelayotgan mashina haydovchilarimiz orasida aniqlanib, aholi orasida tarqalib ketmoqda. Andijon viloyatida ham xavotirimiz ko‘p. O‘zi, umuman, vodiyda aholi juda zich joylashgan uchta viloyat bo‘lgani uchun bu yerda qattiq ehtiyotkorlik talab etiladi”, — dedi Musayev.

Shuningdek, vazir o‘rinbosari davolash muassasalari haqida ham ma’lumot berdi.

“Hozirda Toshkent shahrida COVID-19 bemorlarini davolash bilan shug‘ullanayotgan muassasalar sonini 19 taga yetkazdik. Shuningdek, Zangiota tumanida 1200 o‘rinli markaz ishga tushirilgan edi, yana 508 ta o‘rin yaratildi. Shu kunlarda yana 1000 ta qo‘shimcha o‘rin yaratish rejalashtirilmoqda. U yerdagi har bir xona kislorod ta’minoti va boshqa kerakli tibbiyot jihozlar bilan ta’minlangan.

‘O‘zekspomarkaz’dagi taqsimlash markazida joylar soni 3500 taga yetkazilmoqda. Toshkent viloyatidagi taqsimlash markazi sig‘imini ham 3500 taga yetkazish ustida ish olib borilmoqda”, — dedi Behzod Musayev.

Avvalroq Behzod Musayev karantin cheklovlarini uzaytirish orqali ayrim aholi qatlamlariga noqulayliklar yaratilayotgani uchun uzr so‘ragani haqda xabar berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, Samarqand viloyati hokimi Erkin Turdimov samarqandliklarga qilgan murojaatida viloyatda epidemiologik vaziyat izdan chiqqani aytgandi.

Янгиликлар