Farg‘onada tanishining bir mln so‘mlik uyali telefonini foydalanish uchun olib, sotib yuborgan shaxsga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Farg‘ona viloyati Farg‘ona shahrida tanishining bir million so‘mlik uyali telefonini foydalanish uchun olib, uni sotib yuborgan fuqaroga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, deb xabar berdi viloyat Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati.

Farg‘ona shahrida 7-iyul kuni fuqaro A.X. shahar markazida tanishi Q.K.ning ishonchiga kirib, narxi bir million so‘mlik “Redmi-8” rusumli telefonini vaqtincha foydalanib turish uchun olgan. A.X. aldov yo‘li bilan qo‘lga kiritgan telefonni boshqa shaxsga sotib, pullarni o‘z ehtiyojlariga sarflab yuborgan.

Holat yuzasidan Farg‘ona shahar IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 1-qismi (Firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, unga nisbatan sud tomonidan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Avvalroq Farg‘onada 3 ta telefon apparatini olib, pulini oxirigacha bermay kelgan shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, Andijonda bezorilik qilib, fuqaroning “Samsung A-10” telefonini olib qo‘ygan uch nafar o‘smir hamda Navoiyda tadbirkorning jami 21 million so‘mlik 11 ta telefonini o‘g‘irlagan jinoyatchi qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi.

Янгиликлар