“O‘zekspomarkaz”ga joylashtirilgan koronavirus bemorlarining yaqinlari ularning ahvolidan monitor orqali xabardor bo‘lishi mumkin (foto)

Ijtimoiy tarmoqlarda shifoxonalardagi COVID-19’ga chalingan bemorlarning qarindoshdari tomonidan o‘z yaqinlari haqida axborot olishda qiyinchiliklarga duch kelayotganliklari to‘g‘risida ko‘plab shikoyatlar tarqaldi.

Foto: Toshkent shahar hokimligi

Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, “O‘zekspomarkaz”da joylashgan Taqsimlash markazidagi bemorlarning yaqinlari va qarindoshlari xavotirga berilmay ichkarida ro‘y berayotgan vaziyatdan monitor orqali xabardor bo‘lishi mumkin.

Foto: Toshkent shahar hokimligi

Ma’lumot uchun, “O‘zekspomarkaz” ko‘rgazma majmuasida koronavirus bemorlariga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish uchun 500 o‘rinli distribyutorlik markaz faoliyat ko‘rsatadi.

Foto: Toshkent shahar hokimligi

Avvalroq Toshkentda 10 ta xususiy klinika koronavirus bilan kasallanganlarni qabul qilishini ma’lum qilgani, bemorlar uchun 2300 dan ziyod o‘rin-joylar tashkil etilgani haqida xabar berilgan edi.

Bundan tashqari, iyul oyi boshida Toshkent viloyati Zangiota tumanida 1000 o‘rinli yangi yuqumli kasalliklar shifoxonasi foydalanishga topshirildi. Biroq koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Habibulla Oqilovning ta’kidlashicha, shifoxona koronavirus bilan kasallanganlarni qabul qila boshlaganidan bir hafta o‘tgach, shifoxona bemorlar bilan to‘lgan.

Shuningdek, O‘zbekistonda endi nodavlat tibbiyot tashkilotlari ham COVID-19 infeksiyasini davolashi haqida ma’lum qilingan edi.

Янгиликлар