Samarqandda o‘g‘rilik sodir etib, 3 oy davomida tergovdan qochib yurgan shaxs qo‘lga olindi

Samarqand viloyati Samarqand shahrida o‘g‘rilik sodir etib, uch oydan beri tergovdan qochib yurgan fuqaro qo‘lga olindi, deb xabar berdi Milliy gvardiya matbuot xizmati.

Foto: Milliy gvardiya matbuot xizmati

Samarqand shahri Islom Karimov ko‘chasida 2020-yil 26-iyul kuni soat 20:30 atrofida jamoat tartibini saqlash bo‘yicha patrul xizmatida bo‘lgan Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari o‘zining shubhali harakatlari bilan ko‘zga tashlangan fuqaroni to‘xtatgan va holat bo‘yicha navbatchilik qismiga xabar qilgan. Avtomatlashtirilgan ma’lumotlar bazasi orqali ushbu fuqaro to‘g‘risidagi ma’lumotlar tekshirilgan.

Natijada fuqaro 1996-yil Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanida tug‘ilgan A.R. ekanligi, unga nisbatan 2020-yilning 4-mart kuni Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi “v, g” bandlari (O‘g‘rilik) bilan tuman IIB Tergov bo‘limi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganligi tasdiqlangan. Shuningdek, fuqaro A.R.ga nisbatan 2020-yilning 21-aprel kuni qidiruv e’lon qilinganligi aniqlangan.

Xabarda aytilishicha, qidiruvda yurgan fuqaro A.R. ushlangandan so‘ng u bilan tushuntirish ishlari olib borilib, Samarqand viloyati IIO FMB Jinoyat qidiruv bo‘limiga o‘rnatilgan tartibda topshirilgan.

Avvalroq qidiruvda bo‘lgan samarqandlik fuqaro Toshkentda ushlangani, Rishtonda o‘g‘irlik qilib, tergovdan yashiringan shaxs hamda Farg‘onada firibgarlik jinoyatini sodir etib, tergovdan yashiringan ayol qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi.

Янгиликлар