Buxorolik olima yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori ilmiy darajasini xalqaro onlayn rejimida himoya qildi

Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti ijtimoiy fanlar kafedrasi o‘qituvchisi Zebiniso Halilova Bremen universitetining yetakchi mutaxassislari bilan hamkorlikda tayyorlangan, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun taqdim etilgan dissertatsiya ishini muvaffaqiyatli himoya qildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Foto: O‘zA

Zebiniso Halilova Buxoro davlat tibbiyot institutida O‘zbekiston tarixi va fuqarolik jamiyatini tashkil etish asoslari bo‘yicha talabalarga ma’ruzalar o‘qiydi.

Toshkentda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini tugatgach, Halilova Germaniyaning Bremen universitetida magistrlik darajasini oldi.

Yosh olima nemis huquq sohasining professorlari va akademiklari bilan ilmiy hamkorlikni 8 yil davomida yaqindan davom ettirdi. Uzoq va chuqur ilmiy tadqiqotlar natijasi “Chet el arbitraj qarorlarining O‘zbekiston Respublikasida tan olinishi va ijro etilishi: Germaniya bilan qiyosiy tahlil” mavzusidagi dissertatsiya ishi bo‘ldi.

Foto: O‘zA

Ilmiy tadqiqot ishini himoya qilish pandemiya sharoitida va karantin choralarining kuchaytirilishiga qaramasdan onlayn rejimda muvaffaqiyatli o‘tdi. Xorijiy hamkasblar Zebiniso Halilovaning ilmiy izlanishlarga katta moyilligiga alohida e’tibor berib, uning ilmiy-pedagogik faoliyat sohasidagi yutuqlarini alohida ta’kidladi.

Zebiniso Halilovaning ilmiy nashrlari O‘zbekiston va Germaniyada rus, o‘zbek va ingliz tillarida chop etilgan.

Avvalroq Misrda o‘zbekistonlik olimning oila huquqi haqidagi kitobi arab tilida nashr etilgani xabar qilingan edi.

Янгиликлар