O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qurbon hayiti bilan bog‘liq savollar uchun maxsus Call-markaz ishga tushirdi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi qurbonlik qilishga doir diniy savollarga 24 soat davomida javob berish maqsadida Call-markaz faoliyatini tashkil etdi. Bu haqda idora matbuot xizmati xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, Call-markazning ish tartibi 28-iyul, seshanba kunidan 3-avgustga qadar 24 soat davom etadi (ibodat vaqtlari istisno qilinadi).

“Muhtaram yurtdoshlar! Ma’lumki, yaqin kunlarda musulmonlar intiqib kutadigan muborak Qurbon hayiti yaqinlashib kelmoqda. Shariatimizga ko‘ra yil davomida faqat uch kun mobaynida ado etish mumkin bo‘lgan ulug‘ ibodat — qurbonlik ibodatining ham o‘ziga xos ahkomlari mavjud. Shunday ekan, bunga doir turli savollar ko‘payishi tabiiy hol. Endilikda Siz O‘zbekiston musulmonlari idorasining maxsus Call-markaziga qo‘ng‘iroq qilib, Qurbonlik masalalariga oid o‘zingiz uchun muhim bo‘lgan savollarga javob olish imkoniyatiga egasiz. Buning uchun (78) 150 33 44 telefon raqami orqali Call-markazga qo‘ng‘iroq qilishingiz va Fatvo bo‘yicha malakali mutaxassislardan javob olishingiz mumkin”, — deyiladi xabarda.

Avvalroq O‘zbekiston musulmonlari idorasi karantin sharoitida qurbonlik qilish tartibini ma’lum qilgani haqda xabar berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, Qurbon hayitining birinchi kuni 31-iyul, juma kuniga to‘g‘ri kelishi ma’lum qilingan. Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Qurbon hayitining birinchi kunini keng nishonlash to‘g‘risida qaror qabul qilgan.

Янгиликлар