O‘zbekiston Turkmanistondan elektr energiyasi importi hajmini oshirdi

O‘zbekiston elektr energiyasi ta’minotidagi kamchilikni to‘ldirish uchun Turkmanistondan elektr energiyasi importini oshirdi.

Ma’lum qilinishicha, kecha, 27-iyul kuni soat 01:35 dan Turkmanistondan elektr energiyasi importi hajmi oshirildi. Hozircha quvvati 500 kVt bo‘lgan Qorako‘l—Serdar havo tarmoqlari orqali O‘zbekistonga 80 MVt elektr energiyasi yetkazib berilmoqda. Kun davomida yetkazib beriladigan quvvat hajmi 200 MVtgacha yetkazilishi rejalashtirilgan.

“O‘tgan haftaning shanba va yakshanba kunlari energetika tizimida iste’molni cheklash holatlari kuzatilmadi. Turkmanistondan elektr energiyasi importining boshlanishi mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan asosiy elektr energiyasiga qo‘shimcha ravishda yangi haftaning ish kunlarida ham (odatda, dam olish kunlariga nisbatan iste’mol darajasi keskin oshishi kuzatiladi) iste’molchilarni elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash imkonini beradi”, — deyiladi “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati xabarida.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda elektr ta’minoti tizimiga 0,8—1 foiz miqdorida cheklovlar kiritilishi ma’lum qilingan edi.

Keyinchalik O‘zbekiston energetika sohasida islohotlarni amalga oshirish uchun Fransiyadan 150 million yevro qarz olishi ma’lum qilindi.