Samarqanddagi 77 ta ko‘p qavatli uyni kuz-qish mavsumiga tayyorlash uchun 3 mlrd so‘mdan ortiq kredit mablag‘lari ajratilgan

Samarqandda ko‘p qavatli uylarni 2020—2021-yil kuz–qish mavsumiga tayyorlash borasida shahardagi 30 ta shirkatga qarashli 77 ta uy-joyni bank kreditlari asosida ta’mirlash maqsadida 3,17 milliard so‘mlik dastur ishlab chiqilgan. Bu haqda xalq deputatlari Samarqand shahar kengashida shahar hokimining o‘rinbosari axborot berdi.

Foto: Zarnews

Dasturga muvofiq, 21 ta uyning 5900 kvadrat metr tom qismi, 110 ta uyning kirish yo‘laklari ta’mirlanadi. Shuningdek, 53 ta uyga kodli qulflar o‘rnatiladi, 57 ta uyning yerto‘lasidagi tarmoqlarni ta’mirlash, 20 ta uyning fasad qismini, 31 ta elektr shitini va boshqa ta’mirlash ishlari rejalashtirilgan.

Shu bilan birga viloyat hokimligi homiylik mablag‘lari hisobidan 50 ta ko‘p qavatli uy-joy mukammal ta’mirlanib, 26 ta uy-joyda mukammal ta’mirlash ishlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, bugungi kunga qadar 31 kilometr elektr tarmoqlari himoyalangan yopiq simlarga almashtirilgan. 223 kilometr elektr liniyalar hamda 128 ta tranformator punkti mukammal ta’mirlangan. Shuningdek, 134 ta yog‘och ustun temirbeton ustunlarga almashtirilib, qo‘shimcha 7 ta transformator o‘rnatilgan.

Shuningdek, gaz ta’minotini yaxshilash maqsadida 21 kilometr tarmoqni qurish ishlari olib borilmoqda. Ichimlik suvi ta’minoti borasida esa 200 milliard so‘mdan ko‘proq 14 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Tez orada Cho‘pon ota suv inshootidan keladigan magistral tarmoqlarning Rudakiy ko‘chasidan hamda Afrosiyob ko‘chasidan o‘tgan qismlari foydalanishga topshirilgan.

Ma’lumot o‘rnida, Samarqand shahrida 2020-yilda uchta 16 qavatli, beshta 7 qavatli hamda 47 ta 12 va 16 qavatli uy-joy qurilmoqda.

Avvalroq Samarqand shahrining ichimlik suvidan uzilgan aholisiga to‘rtta maxsus mashinada suv yetkazib berilayotgani ma’lum qilingandi. Shuningdek, viloyatda kuz-qish mavsumi uchun gaz quvurlarini rekonstruksiya qilish to‘liq bajarilgani haqida xabar berilgandi.

Янгиликлар