Xorijda mehnat faoliyati vaqtida og‘ir tan jarohati olgan O‘zbekiston fuqarosi mamlakatga bepul olib kelinadi

Vazirlar Mahkamasining “Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 713-sonli qarorida mehnat migratsiyasida bo‘lgan davrda vafot etgan fuqarolarning jasadlarini va xorijda mehnat faoliyati vaqtida og‘ir tan jarohati olgan fuqarolarni bepul asosda O‘zbekiston Respublikasiga olib kelish belgilab qo‘yilgan.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi matbuot kotibining ma’lum qilishicha, xorijda vafot etgan mehnat migranti jasadini O‘zbekistonga olib kelish masalasida marhumning yaqinlari Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga yoki uning xorijiy mamlakatlaridagi vakolatxonalariga murojaat qilishlari mumkin.

Agar fuqaro koronavirusdan vafot etgan bo‘lsa, tegishli tashkilotlar bilan kelishgan holda uning ham jasadini O‘zbekistonga olib kelish choralari ko‘riladi.

Ma’lumot uchun, Pastdarg‘om tumanida 1000 o‘rinli karantin hududi ishga tushirilgan va charter reys bilan Vladivostok va Sankt-Peterburg shaharlaridan 450 nafar fuqaro olib kelinib, karantin markaziga joylashtirilgan. Hozirda yana 500 nafar fuqaro Rossiyadan olib kelinishi kutilmoqda.

Avvalroq O‘zbekiston fuqarolarini vatanga qaytarish maqsadida qo‘shimcha charter reyslari amalga oshirilishi haqida xabar berilgan edi.

Янгиликлар