“Fuqarolarning boqimandalik kayfiyatidan qutilishiga erishish uchun joylarga chiqish kerak” — Xayrullo Bozorov

Namangan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov 28-iyul kuni To‘raqo‘rg‘on tumani “Fayziobod” mahallasi fuqarolarining ijtimoiy himoyasini mustahkamlash, kambag‘allikni qisqartirish borasidagi chora-tadbirlarini o‘rgandi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Namangan viloyati hokimligi matbuot xizmati

Mahalla raisi Xolmuhammad Asqarovning ta’kidlashicha, hududda 544 ta xonadon, 3218 nafar aholi mavjud bo‘lib, 845 ta oiladan “temir daftar”ga kiritilgan 7 tasining bandligini ta’minlashda muntazam ish tashkil etilgan. Amaliy sa’y-harakatlar natijasida hududdagi mavjud kambag‘al oilalarga imtiyozli kredit asosida issiqxonalar qurib berildi, fermer xo‘jaliklaridagi yerlarda takroriy ekin yetishtirish imkoniyati yaratildi, tikuv mashinasi, qo‘y va parranda tarqatilib, xonadon egalarining bandligini ta’minlashda tizimli ish yo‘lga qo‘yilmoqda.

Foto: Namangan viloyati hokimligi matbuot xizmati

“Fuqarolarning boqimandalik kayfiyatidan qutilishiga erishishimizda joylarga chiqish, kerak bo‘lsa, har bir xonadonning ishbilarmonlik layoqatini o‘rganish, moliyalashtirish bilan bog‘liq muammolarni hal etish, ularga tomorqadan samarali foydalanishlarida zarur maslahat, tavsiya berish, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish  muhim ahamiyat kasb etadi”, — deydi Xayrullo Bozorov.

Foto: Namangan viloyati hokimligi matbuot xizmati

Foto: Namangan viloyati hokimligi matbuot xizmati

Avvalroq Namanganda yoshlar bandligini ta’minlash uchun 30 sotixdan o‘rmon xo‘jaligi yerlari ajratilgani haqda xabar berilgandi.

Янгиликлар