“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” ayni paytda O‘zbekistonda elektr energiyasi tanqis emasligini ma’lum qildi

“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ 21–24-iyul kunlari energotizimdagi barqarorlikni ta’minlash maqsadida respublika iste’molchilariga o‘rtacha 0,8–1 foiz miqdorda cheklovlar kiritilgani yuzasidan rasmiy bayonot berdi.

Bayonotda yozilishicha, bunga, asosan, 2 ta omil ta’sir ko‘rsatgan:

1) O‘zbekiston gidroelektrostansiyalarida rejaga nisbatan kunlik 6–7 million kVt/soat, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 10–12 million kVt/soat kam elektr energiyasi ishlab chiqarilmoqda edi.

2) Mintaqada yuzaga kelgan suv tanqisligi oqibatida Tojikistondan import amaliyoti sutkalik o‘rtacha 12 million kVt/soatdan 0,3 million kVt/soatgacha kamaygan edi.

Energiya tanqisligini bartaraf etish maqsadida ko‘zda tutilgan miqdordan 10–12 foiz ko‘p tabiiy gaz yetkazib berish hisobiga issiqlik elektr stansiyalarida rejaga nisbatan 8 million kVt/soat ko‘p elektr energiyasi ishlab chiqarildi.

“O‘zbekiston MET” axborot xizmati Markaziy dispetcherlik xizmati ma’lumotlariga tayanib ma’lum qilishicha, ayni paytda 500 kVli Qorako‘l—Serdar hamda 110 kVli Dashovuz—Shovot havo tarmoqlari orqali Turkmanistondan O‘zbekistonga 400—430 MVt quvvat yetkazib berilmoqda. Bu O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasi miqdoriga nisbatan 4–4,5 foizni tashkil etadi.

Avvalroq O‘zbekiston Turkmanistondan elektr energiyasi importi hajmini oshirgani haqda xabar berilgan edi. 

Янгиликлар