O‘zbekistonda turizm sohasida faoliyat ko‘rsatuvchi tadbirkorlarga foizsiz ssudalar ajratila boshlandi

O‘zbekistonda turoperatorlar va joylashtirish vositalariga maqsadli foizsiz ssuladalar ajratish boshlandi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi axborot xizmati ma’lumot berdi.

O‘zbekiston Prezidentining 2020-yil 28-maydagi “Koronavirus pandemiyasining salbiy ta’sirini kamaytirish uchun turizm sohasini qo‘llab-quvvatlashga doir kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-6002 sonli farmoniga asosan turoperatorlar va joylashtirish vositalariga maqsadli foizsiz ssudalar ajratilishi belgilangan.

Farmonning 3-band (a) kichik bandiga muvofiq, turoperatorlarga 2019-yildagi o‘rtacha oylik ish haqi fondining uch barobaridan oshmaydigan miqdorda va joylashtirish vositalariga har bir yotoq o‘rni uchun bazaviy hisoblash miqdorining besh baravarigacha ssuda ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Ssuda olish uchun arizalar Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga topshiriladi. Arizalarni qabul qilish 2020-yilning 15-dekabriga qadar, ularni ko‘rib chiqish esa 2020-yilning 25-dekabrigacha davom etadi.

Avvalroq O‘zbekistonga yarim yil ichida qancha sayyoh tashrif buyurgani ma’lum qilingan edi.

Янгиликлар