Buxoro viloyati hokimligi Gʻijduvon tumani Tibbiyot birlashmasi boshlig‘ining vafoti munosabati bilan ta’ziya bildirdi

Gʻijduvon tumani Tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Najmiddinov Laziz Muhiddinovich 49 yoshida vafot etdi. Bu haqda Buxoro viloyat hokimligi matbuot xizmatining ta’ziyanomasida xabar qilindi.

Foto: Buxoro viloyat hokimligi matbuot xizmati

“Buxoro viloyati hokimligi og‘ir judolik kunlarida marhumning yaqinlari, oila a’zolariga sabr-bardosh tilagan holda chuqur hamdardligini bildiradi”, — deyiladi ta’ziyanomada.

Laziz Najmiddinov 1971-yil 11-yanvarda Gʻijduvon tumani, “Guliston” mahallasida tug‘ilgan. O‘rta umumta’lim maktabini muvaffaqiyatli tamomlaganidan so‘ng Samarqand davlat tibbiyot institutiga o‘qishga kirgan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi — davolash ishi. Yosh iste’dod sohibi mehnat faoliyatini 1993-yildan Buxoro shahar kasalxonasi jarrohlik bo‘limidan boshlagan. Amaliyot bilan birga Buxoro davlat tibbiyot institutining jarrohlik kafedrasi klinik ordinatori, assistenti sifatida tahsilni davom ettirgan.

Tibbiyot sohasi yosh mutaxassisi 2002-yilda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi (RSHTYIM) Buxoro filiali direktorining vaqtincha tez yordam va favqulodda vaziyatlar bo‘yicha muovini, 2007-yildan mazkur muassasa direktorining yangi texnologiyalar bo‘yicha o‘rinbosari, 2009-yildan filialning 2-xirurgiya bo‘limi mudiri, 2016-yildan esa RSHTYIM Buxoro filiali direktorining yangi texnologiyalar bo‘yicha o‘rinbosari mas’ul vazifalarida muvaffaqiyatli faoliyat yuritdi. Shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj bo‘lib kasalxonaga yotqiziladigan bemorlar dardiga o‘zining bor bilim va salohiyati, to‘plagan tajribasidan kelib chiqib malham bo‘ldi. Ta’bir joiz bo‘lsa, 26 yillik faoliyati davomida muassasaga og‘ir tan jarohatlari bilan tushgan o‘nlab bemorlar aynan “qo‘li yengil” najotkorlari sa’y-harakati tufayli hayotga qaytgan.

O‘z kasbiga bo‘lgan mehri, izlanuvchanligi bois Laziz Najmiddinov 2017-yildan buyon Gʻijduvon tumani Tibbiyot birlashmasiga rahbarlik qilib kelayotgandi. Uning bevosita tashabbusi tufayli tibbiyot muassasasining qator bo‘limlari qayta ta’mirlanib, moddiy-texnik ahvoli talab darajasida takomillashtirilayotgandi. Yangilanishlar barobarida aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatiga bo‘lgan e’tibor kuchaytirildi.

Avvalroq iqtisodiyot fanlari doktori, olim Ashur Qodirov vafot etgani haqda xabar berilgan edi. Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev akademik Sattor Tursunmuhammedovning vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirgan edi.

Янгиликлар