Quyi Chirchiqda energiya tejamkor elektr stansiyasi quriladi

Prezident qaroriga muvofiq, 2020—2023-yillarda Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumanida “Yangi 500 kV kuchlanishli ‘Halqa’ nimstansiyasi hamda 220 kV va 500 kV kuchlanishli havo elektr tarmoqlarini qurish” investisiya loyihasini amalga oshirish belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, loyiha doirasida quvvati 1400 MVA bo‘lgan 500/200/10 kV kuchlanishli, yillik elektr energiyasini taqsimlovchi zamonaviy energiya tejamkor nimstansiya qurilishi, umumiy uzunligi 410 km elektr uzatish tarmoqlari qurilishi ko‘zda tutilgan. Qarorga ko‘ra, loyihani amalga oshirish uchun xalqaro moliya institutlari mablag‘lari jalb etilishi hamda loyiha doirasida xalqaro tender savdolari o‘tkazilishi belgilangan.

Ma’lumot uchun, ushbu loyiha Prezidentning 2020-yil 29-iyul kuni “Toshkent shahri va Toshkent viloyatida elektr energiyasi ta’minoti barqarorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida amalga oshiriladi.

Avvalroq Namanganda yillik quvvati 300 ming tonnaga teng bo‘lgan sement zavodi qurilishi va Saudiya Arabistoni kompaniyasi Peshku va G‘ijduvonda shamol elektr stansiyalari qurishi haqida xabar berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Turkmanistondan elektr energiyasi importi hajmini oshirgan hamda O‘zbekiston energetika sohasida islohotlarni amalga oshirish uchun Fransiyadan 150 million yevro qarz olishi ma’lum qilingan.

Янгиликлар