Farg‘ona IIB viloyat postlarida tartib nega kuchaytirilganini izohladi

Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi ijtimoiy tarmoqda farg‘onalik jurnalist va mutaxassis o‘rtasida muhokama qilingan “Farg‘ona viloyatida holat shu qadar yaxshi bo‘lsa, nega unda postlarda harakatlar kuchaytirilgan?” sarlavhali xabar yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Ta’kidlanishicha, viloyatda karantin talablaridan kelib chiqib, yo‘llarda avtotransport vositalari harakatini tartibga solish, fuqarolarning karantin qoidalariga muntazam amal qilishini ta’minlashga qaratilgan qat’iy tartib-intizom belgilangan.

“Fuqarolarimizga kunning belgilangan vaqtlarida, ya’ni soat 8:00 dan soat 10:00 ga qadar hamda soat 17:00 dan soat 20:00 ga qadar harakatlanishi davomida qulaylik yaratish maqsadida blokpostlardagi tashkil etilgan xizmat qayta ko‘rib chiqildi. Muayyan vaqtda erkin harakatlanish uchun qo‘shimcha choralar ko‘rilib, blokpostlarning estetik ko‘rinishi yaxshilandi.

Jumladan, beton to‘siqlar o‘rniga temir panjaralar va plastmassali jihozlar qo‘yildi. Yana qo‘shimcha dezinfeksiya tunnellari tashkil etilganligi esa piyoda va haydovchilarning blokpostlardan ortiqcha to‘xtalishlarsiz o‘tishini ta’minlaydi”, — deyiladi munosabatda.

Avvalroq O‘zbekistonda 10-iyuldan 1-avgustgacha karantin tartibi keskin kuchaytirilgani, hududlardagi vaziyatga qarab, karantin choralari kuchaytirilishi yoki yumshatilishi mumkinligi, 13-iyuldan mahalliy poyezd va aviaqatnovlar to‘xtatilib, qo‘shimcha karantin qoidalari kuchga kirgani haqda xabar berilgandi.

Ma’lumot uchun, Farg‘ona viloyatida 25-iyul 17:00 holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasiga chalinganlar soni 198 kishiga yetgan. Ayni paytga qadar 180 nafar bemor sog‘aygan, 1 kishi hayotdan ko‘z yumgan. Hozirda 17 nafar bemorga shifokorlar tomonidan belgilangan standartlar asosida davo choralari ko‘rilmoqda.

Янгиликлар