Farg‘onada ichki ishlar xodimlari kanalda cho‘kayotgan qizni qutqarib qoldi

Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumanida 20-iyul kuni katta leytenant Akbarali Tursunov va leytenant Asilbek Obidov Katta Farg‘ona kanalida cho‘kayotgan qizni qutqarib qoldi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.

Foto: Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati

Qayd etilishicha, 20-iyul kuni soat 18:00 da Qo‘shtepa tumanidagi “Soybo‘yi” mahallasi profilaktika inspektori, katta leytenant Akbarali Tursunov leytenant Asilbek Obidov bilan avtomashinada tuman ichki ishlar bo‘limi binosiga ketayotgan bo‘lgan. Ular tumanning “Langar” mahallasi hududidan o‘tayotganda bir qiz shu yerdan oqib o‘tuvchi Katta Farg‘ona kanaliga o‘zini tashlagan. Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari hamda Milliy gvardiya qo‘riqlash xizmati safdor xodimi Hasanboy Jo‘raboyev qizni suvdan chiqarib olgan.

Foto: Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati

Ma’lum qilinishicha, qutqarib olingan qiz shu tumanda yashovchi K.G. bo‘lib, oilasidagi muammolar, stressli vaziyatlar tufayli ruhiy holati yomonlashib, o‘z joniga qasd qilishga uringan. Ayni paytda K.G. ruhiy holatini tiklash uchun Farg‘ona viloyati ruhiy-asab kasalliklar shifoxonasiga davolash uchun yotqizilgan.

Avvalroq Qo‘qonda sheriklari bilan o‘g‘irlik qilib, qidiruvda yurgan shaxs qo‘lga olingani haqda xabar berilgandi. Ta’kidlanishicha, fuqaro U.K. hamkasblari bilan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (O‘g‘irlik) 4-qismida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etib, tergovdan yashirinib yurgan.

Eslatib o‘tamiz, Navoiy viloyati Karmana tumani “Kattamachit” mahallasidagi Navoiy IES to‘g‘onidan oqib o‘tuvchi Zarafshon daryosining irmog‘idan 15-iyul kuni 40—45 yoshli noma’lum erkak murdasi topilgan edi. Fuqaroni o‘ldirib, jasadini daryoga oqizib yuborgan shaxslar aniqlanib, ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Янгиликлар