O‘zbekistonda ayrim soliq imtiyozlari va preferensiyalar 2020-yil yakuniga qadar uzaytirildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 20-iyul, dushanba kuni “Koronavirus pandemiyasining salbiy ta’sirini kamaytirish uchun aholi, tadbirkorlik subyektlari, umumiy ovqatlanish, savdo va xizmatlar sohasini qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Farmonga muvofiq, 2020-yilda Soliq qo‘mitasi tomonidan belgilangan hollarda soliq to‘lovchilarga soliq hisobotlarini taqdim etish muddatlarini 5 kundan ko‘p bo‘lmagan muddatga kechiktirganlik uchun jarima solinmaydi.

Prezidentning 2020-yil 18-maydagi farmonida belgilangan quyidagi soliq imtiyozlari va preferensiyalar 2020-yil 31-dekabrga qadar uzaytiriladi:

  • mol-mulk solig‘i va yer solig‘ini to‘lashdan ozod qilish bo‘yicha berilgan imtiyozlar;
  • kichik tadbirkorlik subyektlari;
  • bozorlar va savdo komplekslari, kinoteatrlar, umumiy ovqatlanish korxonalari, jamoat transporti korxonalari, sport-sog‘lomlashtirish muassasalari, shuningdek, yo‘lovchi tashish, maishiy xizmatlar ko‘rsatish, binolarni, shu jumladan, banketlar o‘tkazish uchun ijaraga berish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar uchun;
  • ijtimoiy soliq stavkasini 12 foizdan 1 foizga pasaytirish bo‘yicha mikrofirma va kichik korxonalar uchun berilgan imtiyozlar;
  • bojxona organlariga murojaat qilgan kungacha 1 yildan kam bo‘lmagan muddat davomida tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirayotgan mikrofirma va kichik korxonalarga, keyinchalik kechiktirilgan summani 120 kun mobaynida teng ulushlarda to‘lash sharti bilan tovarlarni olib kirishda undiriladigan bojxona boji va aksiz solig‘ini to‘lash muddatini kechiktirish taqdim etish;
  • mikrofirma va kichik korxonalarda 2020-yil 15-may holatiga ko‘ra soliqlar, penyalar va soliq qonunchiligini buzganlik uchun hisoblangan jarimalar bo‘yicha mavjud bo‘lgan qarzdorlikni undirishni to‘xtatish.

Umumiy ovqatlanish korxonalari ijtimoiy soliqning pasaytirilgan stavkasini ishchilarning sonidan qat’i nazar qo‘llaydi.

Auditorlar, rieltorlar, baholovchilar, aktuariylar, dorixona va ularning filiallari mudirlari, turistik tashkilotlarning ishchilari va gidlar (ekskursovodlar), xorijiy tillarga o‘qituvchilarning 2020-yil 1-martda tugaydigan malakaviy sertifikatlari muddati navbatdagi malakaviy imtihonlarni o‘tkazish sanasiga qadar uzaytiriladi.

“Mahalla” xayriya jamoat fondi, “Saxovat va ko‘mak” fondi, “O‘zbekiston mehr-shafqat va salomatlik” jamoat fondiga, shu jumladan, ularning hududiy bo‘linmalariga beg‘araz yordam berish qismida foyda solig‘i, qo‘shilgan qiymat solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha imtiyozlarning amal qilishi 2020-yil 31-dekabrga qadar uzaytiriladi.

Avvalroq karantin davrida tadbirkorlarga ko‘chma savdo qilish huquqi berilishi haqida xabar berilgandi. Unga ko‘ra, 1-iyulga qadar karantin cheklovlarining bekor qilinishiga qarab, umumiy ovqatlanish korxonalari hokimliklarni xabardor qilgan holda o‘zlariga tutash bo‘sh yer uchastkalarida yengil konstruksiyalarni bepul joylashtirish va qurish huquqiga ega bo‘ladi.

Янгиликлар