Shavkat Mirziyoyevning tug‘ilgan kuni munosabati bilan uning faoliyat xronikasi chop etildi
“O‘zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning faoliyat xronikasi” deb nomlangan to‘plam nashrdan chiqarildi. Unda Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil sentabr oyidan 2020-yil 1-yanvargacha bo‘lgan davrdagi siyosiy faoliyati solnomasi batafsil aks ettirilgan. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, kitobxonlarga taqdim etilayotgan mazkur to‘plamning eng muhim xususiyati shundaki, unda keyingi yillarda O‘zbekistonda kechayotgan hayotiy jarayonlar tarixiy hujjatlar, fakt va raqamlar, aniq dalillar orqali aks ettirilgan.
Mazkur to‘plam boshqaruv sohasi xodimlari, akademik doiralar, siyosatshunos va sotsiologlar, tahlilchi va ekspertlar, tadqiqotchi va talabalar, O‘zbekistonning eng yangi tarixi bilan qiziqadigan barcha kishilar uchun mo‘ljallangan.
Ma’lum qilinishicha, 2016-yil sentabr oyidan 2020-yil yanvar oyiga qadar o‘tgan davrda Prezident tomonidan mamlakat hududlariga 129 marta safar uyushtirilgan, 69 ta videoselektor yig‘ilishi, eng muhim va ustuvor masalalar bo‘yicha 112 ta yig‘ilish va muhokamalar o‘tkazilgan. Ana shu davrda davlat rahbari tomonidan 194 ta qonun, 1106 ta farmon, 1974 ta qaror, 933 ta farmoyish tasdiqlangan.
Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev 40 marta chet davlatlarga rasmiy tashrif buyurgan, 24 ta xalqaro sammit va anjumanlarda ishtirok etib, ular doirasida 60 ta uchrashuv o‘tkazgan. Bundan tashqari, O‘zbekistonda xorijiy davlat va hukumat rahbarlari boshchiligidagi 39 ta nufuzli rasmiy delegatsiya qabul qilingan. Prezident shu yillar davomida mamlakatda bo‘lib o‘tgan 53 ta tantanali marosimda ishtirok etib, nutq so‘zlagan, shuningdek, aholi va turli soha vakillariga 79 ta tabrik va qutlovlar yo‘llagan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020-yil 24-iyulda 63 yoshga kirdi.
Shu munosabat bilan Qirg‘iziston prezidenti So‘ronboy Jeenbekov, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Turkiya prezidenti Rajab Toyyip Erdo‘g‘an O‘zbekiston rahbarini tavallud ayyomi bilan qutlagan.
Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyevni Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov va Qozog‘iston birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev tug‘ilgan kuni bilan tabriklagan.