Buxoro viloyatiga olib kelingan kislorod konsentratorlarining narxi nega boshqalaridan qimmat ekanligiga izoh berildi

Buxoro viloyati hokimligi viloyatga olib kelingan kislorod konsentratorlarining narxi nega boshqalaridan qimmat ekanligiga izoh berdi.

Hokimlik ushbu holatni viloyatga olib kelingan konsentratorlar internet saytlarida e’lon qilingan apparatlardan sifati bo‘yicha farq qilishi bilan izohlagan.

“Mutaxassislar kuzatuvlariga ko‘ra, xarid qilingan apparatlar bemorni bir daqiqada 8 litrgacha namlangan kislorod bilan ta’minlasa, internet saytlarida e’lon qilingan apparatlar 1 daqiqada 5 litrgacha namlangan kislorod bilan ta’minlash quvvatiga ega“, — deyiladi hokimlik axborotida.

Shuningdek, xarid qilingan apparatlar og‘ir ahvoldagi bemorlarga kislorod bilan ta’minlash uchun mo‘ljallangan bo‘lsa, internet saytlarida e’lon qilingan apparat o‘rta ahvoldagi, ya’ni nafas olish o‘rta og‘irlikdagi bemorlarga kislorod yetkazib berish uchun mo‘ljallangani ma’lum qilindi.

Avvalroq Buxoroda koronavirusga chalinganlarni davolash maqsadida 600 million so‘mlik kislorod konsentratorlari xarid qilingani xabar qilingandi.

Buxoro viloyati hokimi viloyatda 10 ming bemorga yetadigan 49 turdagi dori vositalari zaxirasi shakllantirilganini aytgan edi. Shuningdek, O‘zbekistonga Xitoydan 1300 ta kislorod konsentratori va 20 ta PZR sinov apparati keltirilgani xabar qilindi.

Янгиликлар