Mingbuloqda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga 448 million so‘m tarqatildi
Namangan viloyati Mingbuloq tumanida “Saxovat va ko‘mak” fondi orqali ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga moddiy yordam tarqatish maqsadida hokim boshchiligidagi sektor rahbarlari tumandagi 448 ta oila holidan xabar oldi va Qurbon hayiti bayrami bilan tabrikladi. Bu haqida viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan har bir xonadonga 1 million so‘mdan jami 448 million so‘m berildi.
Ma’lumot uchun, tumanda jami 1603 ta kambag‘allik ro‘yxatida turuvchi oila mavjud. Shu kungacha ularning 763 tasi kambag‘allik ro‘yxatidan chiqarilgan.
Avvalroq Qo‘rg‘ontepada 60 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qiz holidan xabar olingan edi. Shuningdek, Andijonda 95 yoshli onaxonga nogironlar aravachasi topshirilgani va aholini kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha fuqarolarga 470 bosh zotdor echki tarqatila boshlangani haqda xabar berilgan edi.
Undan tashqari, Buxoroda “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi hisobiga 1,5 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ kelib tushgani, Shahrixonda kam ta’minlangan oilalarga ajratilgan 82 million so‘m budjet mablag‘lari talon-toroj qilingani hamda karantin davrida 120 mingga yaqin oilalar davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi haqida xabar berilgandi.