Namangan viloyati hokimligi koronavirusni davolashda isiriq va atirgul hidlashni tavsiya qildi
Namangan viloyati hokimligi huzuridagi Koronavirus profilaktikasi shtabi koronavirus bilan og‘rigan bemorlar uchun uy sharoitida davolanish bo‘yicha yo‘riqnoma e’lon qildi.
Yo‘riqnomada qayd etilishicha, isiriq tutatish va erta tongda turib, atirguldan nafas olish koronavirusni davolashda qo‘l keladi.
“Erta tongda turib, o‘pkadagi balg‘amlarni tuflab tashlab, atirguldan nafas olish hatto o‘pka saratonining oldini oladi.
Isiriq tutatilganda uning tarkibidagi ko‘plab alkaloid moddalar havodagi va inson nafas yo‘llaridagi viruslarni nobud qilishi isbotlangan. Shu sabab isiriqni tez-tez tutatib, obdan hidlash va xonalarga tutatish tavsiya etiladi”, — deyiladi rasmiy xabarda.
Shuningdek, yo‘riqnomadan toza havo, mastava va moshxo‘rdaga qatiq qo‘shib ichish, g‘am-qayg‘uga botmaslik va Qur’oni Karim tilovat qilish kabilar joy olgan.
Xabarda keltirilishicha, koronavirusni yengishda ilohiy davolar ham mavjud: sadaqa, istig‘for, ruqiya va silai rahm kabilar.
Avvalroq Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan uy sharoitida karantinni tashkillashtirish tartibi tasdiqlangan edi.
Shuningdek, immunolog-infeksionist asal va kunjut aralashmasi koronavirusni davolovchi xususiyatga ega emasligini aytib o‘tgan.