Namanganda 9 nafar koronavirusga chalingan bemor tuzaldi
Namangan viloyatida koronavirusga chalingan bemorlardan yana 9 nafari sog‘aydi. Bu haqida Telegram’dagi “Namkoronavirusinfo” kanalida xabar berildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, tuzalganlarning 5 nafari viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida, 4 nafari esa viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida qayd etildi. Bemorlar Namangan shahri, Mingbuloq, Chortoq, Uchqo‘rg‘on, Norin va Yangiqo‘rg‘on tumanlaridan davolash uchun olib kelingan edi.
Avvalroq O‘zbekistonda koronavirusga chalingan bemorlarni ambulator davolashga ixtisoslashgan “maxsus poliklinikalar” faoliyati yo‘lga qo‘yilishi, tez yordam xodimlari qo‘shimcha rag‘batlantirilishi hamda Shavkat Mirziyoyev Toshkentdagi poliklinikalarni 24 soatlik ish rejimiga o‘tkazish bo‘yicha topshiriq bergani haqda xabar berilgandi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 1-avgustdan 15-avgustgacha karantin cheklovlari uzaytirildi. Shu munosabat bilan qator faoliyat turlarini to‘xtatish bo‘yicha cheklov 15-avgustga qadar o‘z kuchida qoldi. Shuningdek, uy sharoitida karantinni tashkillashtirish tartibi tasdiqlandi.
Ma’lumot uchun, 26-iyul soat 17:00 holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 165 kishiga oshib, 20 391 nafarni tashkil etmoqda.