O‘zbekiston fuqarolarini vatanga qaytarish maqsadida qo‘shimcha charter reyslari amalga oshiriladi
O‘zbekiston maxsus komissiyasi va Transport vazirligining ko‘rsatmasiga binoan O‘zbekiston fuqarolarini vatanga qaytarish maqsadida “Uzbekistan Airways” AJ tomonidan 26-iyul kuni Toshkent—Istanbul—Toshkent yo’nalishi bo‘yicha qo‘shimcha charter repatriatsiya qatnovining quyidagi jadval bo’yicha amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda.
Unga ko‘ra:
- Toshkent—Istanbul
Toshkentdan ketish vaqti soat 15:00 da, Istanbulga kelish vaqti soat 19:50 da;
- Istanbul—Toshkent
Istanbuldan ketish vaqti soat 21:20, Toshkentga kelish vaqti soat 03:50 da.
Toshkentning—Istanbul yo‘nalishi bo‘yicha aviachiptalarni aviakompaniya filialining markaziy sotuvlar ofisida “Uzbekistan Airways Sales” jonli navbat tartibida, yo‘lovchining shaxsan o‘zi tegishli hujjatlarning asl nusxasi bilan kelgan taqdirdagina sotib olish mumkin:
- O‘zbekiston fuqarolari uchun: pasport va ketish uchun asos.
- Xorijiy fuqarolar uchun: passport.
Istanbul—Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha aviachiptalarni sotib olish uchun O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulligiga murojaat qilish lozim.
Avvalroq Kiyev, Qohira va Rossiyaning bir nechta shaharlaridagi o‘zbekistonlik talabalar avgust oyining birinchi o‘n kunligida vatanga qaytarilishi haqida xabar berilgan edi.
Shuningdek, O‘zbekistondan Rossiyaga doimiy aviareyslar qachon tiklanishi ma’lum qilingan.