O‘zbekistonda qishloqlarda ishga joylashish ko‘nikmalarini rivojlantirish sohasiga 9,6 mln yevro ajratiladi

O‘zbekiston hukumatining YuNESKO va Yevroittifoq bilan hamkorlikdagi yangi “O‘zbekistonning qishloq hududlarida ishga joylashish ko‘nikmalarini rivojlantirish” dasturini yo‘lga qo‘yish yuzasidan 28-iyul, seshanba kuni onlayn yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar  berdi.

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati

Tadbirda bosh vazir o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov, YuNESKOning taʼlim masalalari bo‘yicha bosh direktor o‘rinbosari Stefaniya Jannini, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Eduards Stiprays, shuningdek, vazirliklar, idoralar va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati

Ma’lum qilinishicha, yangi loyihaning maqsadi qishloq xo‘jaligi hamda irrigatsiya sohalarida texnik va professional ta’limni takomillashtirish, respublikaning qishloq joylarida ishga joylashish ko‘nikmasini rivojlantirishga ko‘maklashishdan iborat. Kollejlarda ta’lim berish va tayyorlash jarayonlarini modernizatsiyalash, kollejlarni boshqarish, qishloq xo‘jaligida ko‘nikmalarni rivojlantirishning yangi usullarini tatbiq etish, qishloq joylarda ta’limning raqamli va onlayn-oflayn usullarini joriy qilish, qishloq xo‘jaligini yuritishning xalqaro va milliy innovatsiyalarga asoslangan yangi usullarini tatbiq qilish yangi dasturning muhim komponenti bo‘lib qolmoqda.

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati

Mazkur dastur qishloq hududlardagi ishchilarni yangi zarur ko‘nikmalar bilan ta’minlaydi: yuqori texnologik qishloq xo‘jaligi, takomillashgan mexanizatsiya, masofaviy zondlash, GIS/GPS uchuvchisiz uchar qurilmalaridan foydalanish, robototexnika, biotexnologiya, yirik ma’lumotlar va sun’iy intellekt tahlilini qo‘llash shular jumlasidan.

Yangi loyiha qishloq xo‘jaligida ko‘nikmalarni rivojlantirish tizimining sifati, dolzarbligi, natija va samaradorligi oshishi yo‘lida xizmat qiladi. Shu bilan birga, loyiha qishloq xo‘jaligi sektorlarida yangi tashabbus va yondashuvlarni ishlab chiqish, sinab ko‘rish va yo‘lga qo‘yishga yordam beradi. Hukumat tomonidan YuNESKO va Yevropa Ittifoqi hamkorligida yo‘lga qo‘yilayotgan “O‘zbekistonning qishloq hududlarida ishga joylashish ko‘nikmalarini rivojlantirish” dasturining 4 yilga mo‘ljallangan loyihasi umumiy miqdori 9,6 million yevroni tashkil qiladi.

Avvalroq Aziz Abduhakimov karantin kimgadir noqulaylik tug‘dirish uchun emas, juda zarur bo‘lgani uchun uzaytirilgani haqida ma’lum qilgandi. Shuningdek, bosh vazir o‘rinbosari ota-onasi bir marta bozorga chiqib, koronavirus yuqtirib olganini ma’lum qilgan.

Янгиликлар