Aziz Abduhakimov: “Karantin kimgadir noqulaylik tug‘dirish uchun emas, juda zarur bo‘lgani uchun uzaytirilmoqda”

Bosh vaziri o‘rinbosari, Respublika maxsus komissiyasi a’zosi Aziz Abduhakimov 26-iyul kuni “O‘zbekiston 24” telekanali jurnalistiga bergan intervyusida karantin cheklovlari nima sababdan uzaytirilganini izohladi.

Maxsus komissiya a’zosi ayni paytda kasallikning barcha hududlarga tarqalgani, shuning uchun ham karantin qoidalari 15-avgustgacha uzaytirilayotgani, bu kim uchundir noqulaylik hosil qilish uchun qilingan qaror emas, balki juda zarur ekanini ta’kidlagan.

“Karantin davrida ham fuqarolarning zaruriy holatlarda, qon tahlili, test topshirish, tibbiy yordam olish uchun harakatlanishi uchun barcha sharoitlar yaratiladi. IIV tomonidan tashkil qilingan postlarda zaruriy holatlarda harakatlangan odamlarga lozim bo‘lsa, manziliga yetib olishlari uchun yordam ham beriladi. Lekin hammamiz faqat karantingina kasallik tarqalishi zanjirini uzishga yordam berishini to‘g‘ri tushunishimiz lozim.

Albatta, hozir hammaga og‘ir, ko‘pchilik daromad manbayidan mahrum bo‘lgan. Maxsus komissiya bunday odamlar haqida ham o‘ylamoqda. Ularga karantin cheklovlari davrida zaruriy oziq-ovqatlar yetkazib beriladi”.

Aziz Abduhakimov, bosh vazir o‘rinbosari

Avvalroq immunolog-infeksionist Aziza Xo‘jayeva hozirgi vaziyatda o‘ta qat’iy karantin o‘rnatish emas, bemorlarning davolanishi uchun sharoit yaratish maqsadga muvofiqligini ta’kidlagandi. Mutaxassisning fikricha, hozirgi sharoitda karantin bo‘lishi kerak. Lekin nihoyatda kuchli karantin qilish kerak emas.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 1-avgustdan 15-avgustgacha karantin cheklovlari uzaytirildi. Shu munosabat bilan qator faoliyat turlarini to‘xtatish bo‘yicha cheklov 15-avgustga qadar o‘z kuchida qoldi. Shuningdek, Qurbon hayiti kuni sutka davomida harakatlanish to‘liq to‘xtatilishi belgilandi.

Янгиликлар