Toshkent viloyatidan Toshkent shahriga kirib-chiqishga ruxsat beriladi
Avtotransport vositalarida Toshkent viloyatidan Toshkent shahriga (hamda aksincha yo‘nalishda) kirib-chiqishga istisno holat sifatida ruxsat berildi. Bu haqda AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Olim Saidov ma’lumot berdi.
Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘ining ta’kidlashicha, Toshkent shahri va Toshkent viloyati ma’muriy hudud sifatida uzviy bog‘liq. Aksariyat Toshkent viloyati aholisi Toshkent shahrida ishlaydi.
“Ushbu ikki hudud chegaralari juda jipslashgan — Toshkent shahri to‘liq Toshkent viloyati qurshoviga olingan. Shu sababli Maxsus komissiyaning navbatdagi bayonida shunday istisno kiritildi”, — deya qo‘shimcha qiladi Olim Saidov.
Avvalroq O‘zbekistonda karantin qoidalari kuchaytirilib, avtotransportlar harakati cheklangani haqida xabar berilgandi.