Toshkentda koronavirusga chalingan 48 yoshli erkak vafot edi. O‘zbekistonda virus qurbonlari soni 76 nafarga yetdi
Toshkent shahar Yunusobod tumanida yashovchi 48 yoshli erkak koronavirusga chalinib, o‘tkir yurak-qon tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, Yunusobod tumanida yashagan 48 yoshli T.Yo. tana haroratining ko‘tarilishi sababli namuna topshirgan. 29-iyun kuni unda COVID-19 aniqlangan va yo‘tal, hansirash belgilari kuchayganligi sababli Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasi reanimasiya bo‘limiga yotqizilgan.
Unga miokard infarkti, COVID-19 infeksiyasi o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Kasallik o‘ng o‘pka spontan pnevmotoraksi, nafas yetishmovchiligi, o‘tkir yurak qon-tomir yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan.
Aniqlanishicha, tekshiruvlar bemorda avvaldan bronxial astma kasalligi mavjud bo‘lganini ko‘rsatgan. Mutaxassislar tomonidan onlayn konsultasiya va konsiliumlar o‘tkazilgan, davolash jarayoni belgilangan standartlar asosida olib borilgan.
So‘nggi kunlarda shifokorlar tomonidan standartlar asosida amalga oshirilgan reanimasion muolajalarga qaramasdan, bemor o‘tkir miokard infarkti, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.
Avvalroq koronavirusga chalingan gulistonlik 67 yoshli erkak Toshkentda vafot etib, virus qurbonlari soni 75 nafarga yetgani xabar berilgan edi. Endilikda qurbonlar soni 76 nafarni tashkil qilmoqda.
Ma’lumot uchun, 16-iyul soat 23:30 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 15066 nafarni tashkil etmoqda. 8783 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqaro sog‘aygan. Hozirda 6208 nafar bemorga shifokorlar tomonidan belgilangan standartlar bo‘yicha davo choralari ko‘rilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirus epidemiyasining ikkinchi to‘lqini boshlangani rasman tan olindi.