Koronavirusga chalingan gulistonlik 67 yoshli erkak Toshkentda vafot etdi

Gulistonda koronavirusga chalingan 67 yoshli erkak vafot etdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Xabarga ko‘ra, Guliston shahrida yashovchi 67 yoshli A.A. tana haroratining koʻtarilishi, yoʻtal, umumiy holsizlik sababli COVID-19 infeksiyasiga namuna topshirgan. 5-iyul kuni unda COVID-19 tasdiqlangan va shu kuni Toshkent shahridagi Ibn Sino nomli 1-sonli shahar klinik shifoxonasiga yotqizilgan.

12-iyul kuni oʻtkir nafas yetishmovchiligi hisobiga reanimatsiya boʻlimiga oʻtkazilgan. Bemorga mutaxassislar tomonidan onlayn konsultatsiya va konsiliumlar oʻtkazilgan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan.

Asosiy kasallik asoratlari hisobiga ahvoli keskin ogʻirlashib, mutaxassislar tomonidan toʻliq hajmda, standart asosida oʻtkazilgan reanimatsion choralarlarga qaramay, bemor ikki tomonlama pnevmoniya ogʻir kechishi, oʻtkir nafas yetishmovchiligi, oʻtkir yurak qon-tomir yetishmovchiligi sababli vafot etgan.

Avvalroq Toshkentda yashovchi 53 yoshli erkak koronavirusdan vafot etib virus qurbonlari soni 74 nafarga yetgani xabar berilgan edi. Endilikda qurbonlar soni 75 nafarga yetdi.

O‘zbekistonda koronavirus qayd etilganlarning umumiy soni esa 16-iyul soat 17:00 holatiga ko‘ra 14 991 nafarni tashkil etmoqda. Ularning 8655 nafari sog‘aygan.

Mavzuga doir: O‘zbekistonda koronavirus epidemiyasining ikkinchi to‘lqini boshlangani rasman tan olindi