Sud qarori bilan buzilishi belgilangan imoratlarning birortasi odam yashayotgan xonadon emas — Oliy sud Bo‘stonliqda o‘tkazilgan press-tur bo‘yicha rasmiy bayonot berdi

Oliy sud Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumaniga uyushtirilgan press-tur, ushbu tadbirga Oliy sud rahbariyatining ishtiroki, shuningdek, noqonuniy qurilishlarga nisbatan ko‘rilayotgan qonuniy chora-tadbirlar va ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalar yuzasidan rasmiy bayonot berdi.

Rasmiy axborotga ko‘ra, jamoatchilik tomonidan sud tizimi faoliyati xususida ayrim noxolis va asossiz fikrlar bildirilgan. Shuningdek, Oliy sud tomonidan tanqidlar ba’zi hollarda odob-axloq me’yorlaridan chetga chiqib, jamiyatning faol a’zolari, xususan, deputat maqomidagi insonlar tomonidan ham bildirilayotganligi alohida ta’kidlab o‘tilgan.

Bayonotda, xususan, shunday deyiladi:

“Avvalo, shuni ta’kidlash kerakki, Bo‘stonliq tumaniga uyushtirilgan press-tur tashkilotchisi Oliy sud emas. Tadbirdan ko‘zlangan maqsad aholiga xolis va haqqoniy axborot yetkazish, bu jarayonda noqonuniy obyektlarni buzish yuzasidan Oliy sud sudyalari tomonidan qabul qilingan sud qarorlariga tushuntirish berish bo‘lgani bois Oliy sud rahbariyati tashkilotchi-ishchi guruhining, press-tur ishtirokchilari bo‘lgan jurnalist va blogerlarning qat’iy talabiga ko‘ra, ishtirok etish haqidagi taklifni qabul qildi.

Qolaversa, sud hujjatlariga tushuntirish berish sudning to‘g‘ridan-to‘g‘ri vakolatiga kiradi. Shunga qaramay huquqiy tushuntirishlarni go‘yoki sud organi ijroiya hokimiyatiga ‘advokatlik qilish’ tariqasida talqin qilib, bu haqda ijtimoiy tarmoqlar orqali bong urish, yumshoq qilib aytganda, mas’uliyatsizlik va ‘oq’ni ‘qora’ deyishdan boshqa narsa emas”.

Shuningdek, Oliy sud Bo‘stonliqdagi ayrim qurilmalarni buzishga oid nizolar o‘sha joyning o‘zida, ya’ni sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qilgan.

Oliy sud o‘z bayonotida o‘tkazilgan sayyor sud majlislari mohiyatini to‘g‘ri tushunmay, keng jamoatchilikka sudyalarni go‘yoki “hasharga kelgan shaxs” sifatida talqin etishni bir tomondan, huquqiy savodsizlik, ikkinchi tomondan, sud obro‘yiga putur yetkazishga urinish, deya baholagan.

Nizolarni birinchi instansiyada Oliy sud tomonidan ko‘rib chiqilayotgani – sud qarorlariga nisbatan tomonlarning shikoyat berish huquqini cheklamaydi va bu press-tur jarayonida mas’ul shaxslar tomonidan alohida qayd etilgan. Amaldagi qonunchilikda belgilangan tartibga rioya qilmasdan egallab olingan yer uchastkalari va bajarilgan qurilishlarni buzishdan o‘zgacha tartib belgilanmagan. Sud qarorlari asosida buzilishi belgilangan obyektlarga oid hujjatlar qalbakilashtirilgani, buning ortidan o‘nlab shaxsga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, bir qancha shaxslar hibsga olingani inkor etib bo‘lmaydigan faktdir, deyiladi rasmiy bayonotda.

Shuningdek, sud qarori bilan buzilishi belgilangan imoratlarning birortasi odam yashayotgan xonadon emas, balki aksariyati qurib bitkazilmagan obyektlar ekanligi, bitkazilgani ham dala hovlilar ekanligi ma’lum qilingan.

Ushbu obyektlar qalbaki hujjatlar asosida 2019-yilning oxiriga kelib qurib boshlanganiga shubha-gumon bilan qaraganlar “Sil kasalliklari sihatgohi”ga tegishli yerning talon-taroj qilinishiga panja orqasidan qarayotgan muassasa rahbari yoki o‘zi ham o‘zboshimchalik bilan uy qurib olgan mahalla raisidan so‘rab yurmasdan, jinoyat ishi hamda fuqarolik ishi materiallari bilan tanishib chiqishsa, binolar qachon qurilganini aniq bilmoqchi bo‘lganlar nizoli yer maydoninini internet tarmog‘ining “Google maps” tizimi orqali aniqlashi mumkin, deyiladi rasmiy axborotda.

Avvalroq Oliy sud raisi o‘rinbosarining o‘tkazilgan press-turdagi ishtiroki va Bo‘stonliqdagi noqonuniy qurilishlar yuzasidan 8 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 10 kishi qamoqqa olinganligi to‘g‘risida xabar berilgan edi.

Янгиликлар